Navoiy innovatsiyalar universiteti ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan e’tirozlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda ayrim holatlarga izoh berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy innovatsiyalar universiteti faoliyatiga oid tanqidiy materiallar tarqaldi. Ularda ta’lim jarayoni, moddiy-texnik baza, birinchi kurs talabalarining tadbirda ishtirok etishiga doir ayrim masalalar ko‘tarilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Navoiy innovatsiyalar universitet rasmiy munosabat bildirdi.
Soʻnggi paytlarda ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy innovatsiyalar universiteti faoliyatiga oid anonim murojaatlarga asoslangan tanqidiy materiallar eʼlon qilinmoqda.
Mazkur materiallarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan munosabat bildirish bilan birga, universitetning jamiyat hayotidagi oʻrni, bugungi kunga qadar erishgan natijalari hamda amalga oshirilayotgan ishlari haqida maʼlumot berishni muhim deb hisoblaymiz.
Navoiy innovatsiyalar universiteti mamlakatimizda nodavlat oliy taʼlimni rivojlantirish va taʼlim qamrovini kengaytirish borasida yaratilgan imkoniyatlar asosida 2023-yilda faoliyatini boshlagan. Bugungi kunda universitetda 10 ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Universitetning tashkil etilishi Navoiy viloyati va unga yaqin hududlardagi yoshlarga oʻz yashash joyidan uzoqlashmasdan oliy taʼlim olish uchun qoʻshimcha imkoniyat yaratdi. Bu esa oilalarning farzandlarini boshqa viloyatlar yoki xorijga oʻqishga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarini kamaytirishga ham xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, universitet sifatli taʼlimni taʼminlashda zamonaviy oʻquv binolari, xavfsiz va qulay taʼlim muhiti, mustahkam moddiy-texnik baza hamda malakali professor-oʻqituvchilar salohiyati birdek muhim ekanini yaxshi anglaydi.
Prezidentimiz ham yaqinda Taʼlim va ilm-fan vazirligini tashkil etish munosabati bilan taʼlim sifatini oshirish, sohada yangicha yondashuvlarni qoʻllash, bozor talablariga mos taʼlimni, raqobatni hamda xususiy sektor ishtirokini rivojlantirish vazifalarini belgilab berdilar.
Bu vazifalar nodavlat oliy taʼlim muassasalari zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Zero, taʼlim qamrovini kengaytirish bilan birga, uning sifatini oshirish va mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash ham muhimdir.
Albatta, qisqa muddatda faoliyat koʻlamini kengaytirib borayotgan har qanday muassasada muayyan tashkiliy va amaliy masalalar yuzaga kelishi mumkin. Muhimi, ularni eʼtiborsiz qoldirmasdan, oʻz vaqtida bartaraf etish va takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslikdir.
Ilmiy faoliyat va erishilgan natijalar
Universitetda taʼlim jarayoni bilan bir qatorda ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalar va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash ishlariga ham eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, maktabgacha taʼlim yoʻnalishi talabasi Dilnoza Shodiyeva Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori boʻldi.
Universitetda sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, yashil iqtisodiyot, filologiya va taʼlim sohalarida respublika hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar tomonidan Scopus va Web of Science xalqaro maʼlumotlar bazalarida indekslangan jurnallarda 10 ta, respublika jurnallarida 114 ta ilmiy maqola chop etilgan, 1 ta ilmiy grant qoʻlga kiritilgan, 3 ta patent rasmiylashtirilgan hamda 7 ta ilmiy ishlanma amaliyotga joriy etilgan.
Xalqaro va mahalliy hamkorlik
Universitet Hindistonning MIT World Peace University oliy taʼlim muassasasi bilan sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik yoʻnalishlarini belgilagan.
Shuningdek, universitet vakillari Buyuk Britaniyadagi BETT UK–2026 xalqaro taʼlim texnologiyalari koʻrgazmasida ishtirok etib, qoʻshma taʼlim dasturlari, akademik almashinuv va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish imkoniyatlarini oʻrgangan.
Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti hamda Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining Navoiy filiali bilan taʼlim, ilmiy tadqiqot va talabalarning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik kelishuvlariga erishilgan.
Bitiruvchilar bandligi va talabalarni qoʻllab-quvvatlash
Universitet uchun bitiruvchilarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi taʼlim samaradorligining muhim koʻrsatkichlaridan biridir.
2024–2025-yillarda 1049; 2025-2026-yillarda 1224 nafar talaba universitetni tamomlagan boʻlib, ularning 2025-yilda 1002 tasi (95,5%), 2026-yilda 1121 tasi (91,6%) mehnat faoliyatini boshlagan yoki oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashgan.
Shuningdek, iqtidorli va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj yoshlar uchun 173 nafar talabaga taʼlim granti, 334 nafarga stipendiyalar taqdim etilgan. Ushbu maqsadlarga jami 2 710 000 000 soʻm yoʻnaltirilgan.
Universitet faoliyati hudud iqtisodiyoti va aholi bandligiga ham hissa qoʻshmoqda. Bugungi kunga qadar muassasada 282 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, ularning 282 tasida mahalliy mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.
Oʻquv jarayoni va moddiy-texnik bazani takomillashtirish
Joriy yilning aprel oyida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan universitet faoliyatida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganishdan soʻng universitetda chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, masʼullar va ijro muddatlari belgilangan.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan masʼul xodimlarning faoliyati oʻrganilib, ayrimlari bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi, boshqalariga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi. Shuningdek, bunday holatlarning takrorlanmasligi uchun ichki nazorat kuchaytirildi.
Mazkur reja doirasida oʻquv rejalari malaka talablari asosida qayta ishlab chiqilib, universitet Kengashi tomonidan tasdiqlandi.
Fan nomlari HEMIS tizimi bilan muvofiqlashtirildi, professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamalari qayta koʻrib chiqildi.
Qoʻshimcha oʻquv binolari va maydonlar jalb qilinib, ulardan foydalanish boʻyicha ijara shartnomalari tuzildi.
Kompyuter sinflari va laboratoriyalar qayta jihozlandi, maxsus lingafon xonalari tashkil etildi.
Axborot texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida «SERVERCORE CIS» MCHJ xorijiy korxonasi bilan 553493-son shartnoma tuzildi.
«UNICON.UZ» DUK maʼlumotlar markazi xizmatlaridan foydalanish yoʻlga qoʻyildi hamda moodle.niuedu.uz elektron taʼlim platformasi ishga tushirildi.
Amalga oshirilgan ishlar va ularni tasdiqlovchi hujjatlar vazirlikka taqdim etilgan.
Universitetning asosiy oʻquv binosi yuzasidan sanitariya-epidemiologiya, yongʻin xavfsizligi va qurilish sohasidagi vakolatli tashkilotlarning tegishli xulosalari olingan.
Moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash, oʻquv maydonlarini kengaytirish va taʼlim jarayoni uchun zarur sharoitlarni yaxshilash ishlari davom ettirilmoqda.
Birinchi kurs talabalarini kutib olish tadbiri haqida
Maqolada joriy yilning 5-oktyabr kuni birinchi kurs talabalarining universitet hududida toʻplangani yuzasidan ham eʼtirozlar keltirilgan.
Aslida shu kuni universitetning Karmana tumani, Toshkent koʻchasi, 39-uy manzilidagi asosiy binosi hovlisida birinchi kurs talabalarini kutib olishga bagʻishlangan «Ilk qadam — ilk oʻquv kuni» bayram tadbiri tashkil etilgan.
Tadbir oldindan rejalashtirilgan boʻlib, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida tegishli davlat idoralariga rasmiy xatlar yuborilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim tasvirlar aynan mazkur tadbir jarayoniga tegishli. Auditoriya yetishmasligi sababli mashgʻulotlarni bekor qilish yoki boshqa kunga koʻchirish holatlari kuzatilmagan.
Professor-oʻqituvchilar va kadrlar siyosati
Bugungi kunda universitetda 203 nafar asosiy shtatdagi professor-oʻqituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 74 nafari ilmiy daraja yoki unvonga ega boʻlib, ilmiy salohiyat koʻrsatkichi 39 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, 18 nafar professor-oʻqituvchi oʻrindoshlik asosida jalb qilingan.
Joriy yil may oyida professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamalari qayta koʻrib chiqilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish belgilangan ichki tartiblar asosida amalga oshirilmoqda.
Maqolada rahbariyatning avvalgi mehnat faoliyati va ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuviga oid taxminlar ham keltirilgan.
Taʼkidlash joizki, shaxsning avvalgi mehnat faoliyati yoki egallagan lavozimi oʻz-oʻzidan manfaatlar toʻqnashuvi yoxud qonunbuzarlik mavjudligini anglatmaydi. Bu kabi masalalarga huquqiy baho berishda aniq dalillar va xolis yondashuv muhim.
Universitet mehnat munosabatlarida qonuniylikni taʼminlash, xodimlar murojaatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqish va vakolatli organlar bilan hamkorlik qilishga tayyor.
Tanqid va masʼuliyat
Navoiy innovatsiyalar universiteti oʻz faoliyatining rivojlanish bosqichida ekanini va oldida hali muhim vazifalar turganini yaxshi anglaydi.
Bizning maqsadimiz tanqiddan qochish emas, undan toʻgʻri xulosa chiqarishdir. Kamchiliklarni oqlash emas, ularni bartaraf etishdir. Eng muhimi, universitetga ishonch bildirgan minglab yoshlarning taʼlim olishi va kelajagi uchun masʼuliyatni his qilishdir.
Universitetimiz Prezidentimiz tashabbusi bilan yangidan tashkil etilgan Taʼlim va ilm-fan vazirligining nodavlat oliy taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan islohotlari, tavsiya va koʻrsatmalariga tayangan holda oʻz faoliyatini yanada takomillashtirib boradi. Zero, barchamizning mushtarak maqsadimiz — yoshlarga sifatli taʼlim berish va mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadigan malakali kadrlarni tayyorlashdir.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalaridan universitet faoliyatiga oid materiallarni tayyorlashda anonim murojaatlardagi fikrlar bilan bir qatorda, muassasaning rasmiy javoblari va amalga oshirgan ishlarini ham inobatga olishlarini soʻraymiz.
Universitet ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot qilish, savollarga hujjatlar asosida javob berish va konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyor.
Navoiy innovatsiyalar universiteti matbuot xizmati
Eslatib o‘tamiz, Talimxabarlari.uz ijodiy jamoasi avvalroq Navoiy innovatsiyalar universitetidagi ta’lim sharoitlari, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida universitetga tashrif buyurgan edi.
