“Bugun maktablarda davomat 50 foizni ham tashkil qilmayapti” — vazir

“Bugun maktablarda davomat 50 foizni ham tashkil qilmayapti” — vazir

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov maktablarda o‘quvchilarning davomat ko‘rsatkichi 50 foizga ham yetmayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ayrim o‘quvchilar pul topish uchun, boshqalari esa repetitor va o‘quv markazlariga qatnash sababli maktabga bormayapti.

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov jurnalist bilan bo‘lgan suhbatda maktablardagi davomat masalasiga ham to‘xtaldi.

 

Turdimov Sirdaryo viloyatida ishlagan davrida har bir maktabdagi davomatni shaxsan nazorat qilgani va ichki ishlar organlari xodimlari yordamida ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazganini aytdi.

 

“Sirdaryoda shu ishning boshida o‘zim turib, har bir maktabni o‘zim nazorat qilib, ichki ishlar xodimlari yordamida davomatni 80 foizga chiqardik. Shunda ham davomatni bundan yuqoriga ko‘tara olmadik”, — dedi vazir.

 

Turdimovning ta’kidlashicha, ayrim o‘quvchilar pul topish maqsadida bozor va boshqa joylarga ketayotgan bo‘lsa, yana bir qismi boshqa shaharlar, o‘quv markazlari va repetitorlarga qatnash uchun maktabga bormayapti.

 

Ayrim ota-onalar ham farzandining maktabda emas, repetitor bilan shug‘ullanishini afzal ko‘rmoqda.

 

“Ota-onasiga ‘‘Bolangizni topib bering, maktabga borsin’’, desak, ‘‘Maktabda o‘qisa, universitetga kirolmaydi, bolam repetitorda o‘qiyapti, uni bezovta qilmang’’, deydi. Maktablarda o‘qitish sifatini ham yaxshilash kerak”, — deya ta’kidladi vazir.

 

Shuningdek, vazir hozir Toshkent shahrida raqamlashtirilgan kuzatuv tizimi sinovdan o‘tkazilayotganini aytgan. Kelgusida ushbu tizimni respublika bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan. Bu orqali har bir maktab va sinfdagi o‘quvchilar soni hamda o‘qituvchilarning dars jarayonini kuzatish imkoniyati yaratiladi.

 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi maktablarda “SI Davomat” tizimini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. Hozirda ushbu tizim Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. 2027–2028-yillarda uni poytaxtdagi yana 302 ta maktabga bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.

 

Avvalroq, Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov jurnalist bilan bo‘lgan ushbu suhbatda besh nafar rektor ishdan olingani haqidagi xabarlarni rad etgan edi. Uning aytishicha, yig‘ilishda to‘rt nafar rektorga jiddiy ogohlantirish berilgan.