Erkinjon Turdimov beshta rektor ishdan olingani haqidagi xabarlarni rad etdi

Erkinjon Turdimov beshta rektor ishdan olingani haqidagi xabarlarni rad etdi

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov besh nafar rektor ishdan olingani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, yig‘ilishda to‘rt nafar rektorga jiddiy ogohlantirish berilgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov jurnalist Karimberdi To‘ramurod bilan suhbatda besh nafar rektor ishdan olingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

 

Vazirning ta’kidlashicha, hozircha birorta ham rektor ishdan olinmagan. Yig‘ilish davomida beshta emas, to‘rtta rektorga jiddiy ogohlantirish berilgan.

 

Shuningdek, vazirlikda ushbu masalani o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. Qaysi rektor lavozimida qolishi yoki qolmasligi ishchi guruhning xolis xulosasi asosida hal qilinadi.

 

Suhbat davomida Turdimov ayrim oliy ta’lim muassasalarida talabalarning bilim darajasiga ham to‘xtalib o‘tgan.

 

Uning aytishicha, bir institutning eng yaxshi deb tanlangan 10 nafar talabasi o‘rtasida o‘tkazilgan standart testda ularning birortasi ham qoniqarli baho ololmagan.

 

‘‘Tasavvur qiling, maqtalgan institutning saralangan 10 nafar talabasidan ularning bilim darajasini aniqlovchi standart test oldik. Ishonasizmi, saralangan, rektorning oʻzi eng aʼlochi talabalarim, deb olib kelgan 10 talabaning birortasi aqalli “uch” baho ololmadi. Mana, sizga taʼlimning sifati!’’, — deya takidlagan vazir.

 

Avvalroq, Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov hududiy bo‘limlar rahbarlari faoliyati o‘rganilib, ish natijalariga qarab kadrlar bo‘yicha xulosalar chiqarilishini bildirgan edi. Uning aytishicha, ta’lim va tarbiya vazifalarini bajara olmaydigan kadrlar tizimda qolmaydi.