Davlat rahbari uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda kelgusi o‘quv yilidan Transport universitetida ushbu soha uchun mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va sohani tartibga solishga doir taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, global dron bozori yiliga 10-15 foiz surʼat bilan oʻsib bormoqda. Ushbu texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish mamlakatimizda ham iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, yuqori malakali mutaxassislarga talabni oshirish va yangi texnologik yoʻnalishlarni rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin.
Shu munosabat bilan taqdimotda Oʻzbekistonda uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sohada tadbirkorlik va investitsiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, uchuvchisiz aviatsiyadan foydalanishni kengaytirish parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini taʼminlaydigan zamonaviy tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqishni talab etadi.
Taqdimotda ushbu yangi yoʻnalish uchun malakali kadrlar tayyorlash va innovatsion ekotizimni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Xususan, kelgusi oʻquv yilidan Transport universitetida uchuvchisiz aviatsiya tizimlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, taʼlimni amaliy mashgʻulotlar bilan uygʻunlashtirish, yoshlarning zamonaviy aviatsiya texnologiyalariga qiziqishini qoʻllab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga ilgʻor xorijiy tajriba asosida uchuvchisiz aviatsiya tizimlarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Avvalroq, 20-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli taʼlim ekotizimini rivojlantirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Unda yiliga 1 million nafar yosh robototexnika, kompyuter o‘yinlari yaratish va startaplar yo‘nalishida o‘qitilishi ma’lum qilingan.

