Surxondaryo viloyati ta’lim boshqarmasi maktab uchun ajratilgan homiylik mablag‘larini tuman MMTB boshlig‘i talab qilgani aks etgan audioyozuv yuzasidan holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 86-maktab direktori hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rtasidagi telefon suhbati aks etgan audioyozuv tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat MMTB rasmiy munosabat bildirdi.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki o‘rganish davomida maktabda o‘quvchilar soni ortib borayotgani, sinfxonalar yetishmasligi va qo‘shimcha bino qurish uchun yer maydoni mavjud emasligi aniqlangan. Shu sababli maktabga tutash hududdagi fuqaroning yer maydonini sotib olish masalasi ko‘tarilgan.
Ushbu maqsadda 2026-yil may oyida homiylar tomonidan mablag‘ ajratilgan va uni maktab direktori qabul qilib olgan. Biroq yer egasi dastlabki kelishuvdan qaytib, yer maydonini sotish uchun qo‘shimcha mablag‘ talab qilgan. Natijada oldi-sotdi kelishuvi amalga oshmagan. Hozirda homiylik mablag‘i maktab direktorida saqlanmoqda.
Telefon suhbatida ushbu homiylik mablagʻini 2027-yilgi “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida jalb etilishi rejalashtirilgan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda yoʻnaltirish, maktabga tutash yer maydonini sotib olish va uning negizida yangi oʻquv binosi qurish masalasi muhokama qilingan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli masʼullardan iborat ishchi guruh tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, homiylik mablagʻining kelib tushish asoslari, uning qabul qilinishi, hozirgi saqlanish holati hamda undan foydalanish bilan bogʻliq barcha holatlarga huquqiy va moliyaviy baho berilmoqda.
Taʼkidlash joizki, maktab uchun ajratilgan har bir soʻm mablagʻ, avvalo, bolalarning sifatli taʼlim olishi uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilishi kerak. Homiylik mablagʻlarining maqsadli, qonuniy va shaffof sarflanishi ustuvor vazifadir. Oʻrganish natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi, — deyiladi munosabatda.
Avvalroq, Samarqand viloyati MMTB mas’ullari 1,1 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.
