Ona tili va adabiyot fanidan attestatsiya testida noto’g’ri savol bormi? Markaz izoh berdi

Ona tili va adabiyot fanidan attestatsiya testida noto’g’ri savol bormi? Markaz izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan test savoli bo‘yicha munosabat bildirildi.

 

Ona tili va adabiyot fanidan o‘tkazilgan attestatsiya sinovining 11-savoli ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bildirilgan e’tirozlar yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, bahsli savolda “Ko‘p gapirishi ko‘p shubha uyg‘otardi. Uning bu qilig‘i o‘zini oqlashdan-da aybini yashirayotgan kabi taassurot qoldirardi” jumlasidagi so‘z yasovchi va sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalar soni so‘ralgan.

 

Markaz mutaxassislarining ilmiy izohiga ko‘ra, jumladagi “-di” shakli kesimni shakllantirish vazifasini bajarmoqda. Mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lmagan, so‘zlik xususiyatini yo‘qotib, sintaktik vazifani bajaradigan shakllar sintaktik shakl yasovchi hisoblanadi.

 

Shuningdek, rasmiy munosabatda dastlab lug‘aviy ma’noga ega bo‘lgan mustaqil so‘zlarning yordamchi so‘zga, yordamchi yoki bog‘lama vazifasidagi shakllarning esa qo‘shimchaga aylanishi til taraqqiyoti uchun tabiiy jarayon ekani ta’kidlangan.

 

Markaz ushbu izoh orqali attestatsiya sinovining 11-savoli yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga aniqlik kiritgan.

 

Biroq apellyatsiya natijasidan norozi bo‘lgan talabgorlardan biri markaz mutaxassislarining tahliliga e’tiroz bildirgan.

 

Uning fikricha, jumlada so‘z yasovchi qo‘shimchalar 3 ta: -ir, -iq, -la. Sintaktik shakl yasovchi qo‘shimchalar esa 10 ta bo‘lishi kerak. Talabgor markaz izohida -di shaklining ham sintaktik shakl yasovchi sifatida sanalganini xato deb hisoblamoqda.

 

E’tiroz muallifi -di shakli to‘liqsiz fe’l «edi»ning qisqargan ko‘rinishi sifatida qo‘llanganini ta’kidlab, uning sintaktik shakl yasovchi qo‘shimcha sifatida baholanishiga qarshi chiqqan.

 

«To‘liqsiz fe’l bir dumalab sintaktik shakl yasovchiga aylanib qolmaydi-ku?» — deya savol qo‘ygan talabgor markaz bergan izohning ilmiy asoslanganligiga shubha bildirgan. Shuningdek, u tashkilot xodimlarining malakasi va attestatsiya savollarini tahlil qilish jarayoniga ham tanqidiy munosabat bildirgan.