Ta’lim krediti olish uchun yuborilgan arizalar nima sababdan rad etilishi mumkin?

Ta’lim krediti olish uchun yuborilgan arizalar nima sababdan rad etilishi mumkin?

Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar kontrakt to‘lovlari uchun ta’lim kreditini my.gov.uz orqali onlayn rasmiylashtirishi mumkin. Biroq OneID tizimi orqali shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berilmagani sababli yuborilgan arizalar rad etilishi mumkin.

 

Ma’lumki, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar kontrakt to‘lovlarini qoplash uchun ta’lim krediti olishlari mumkin. Buning uchun ular my.gov.uz portali orqali onlayn ariza yuboradi. Ariza tegishli tijorat banki tomonidan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

 

Biroq ayrim hollarda talabalar yuborgan arizalar rad etilishi mumkin. Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Akmal Rasulov buning asosiy sabablaridan birini tushuntirgan.

 

Uning ma’lum qilishicha, ko‘p hollarda arizalar talaba OneID tizimi orqali tijorat banklariga o‘zining shaxsiy ma’lumotlaridan elektron shaklda foydalanishga ruxsat bermagani sababli rad etiladi.

 

Bunday ruxsat bo‘lmasa, bank kredit arizasini ko‘rib chiqish uchun zarur ma’lumotlarni tizim orqali ololmaydi.

 

Natijada murojaat rad etilishi mumkin. Bunday vaziyatda nima qilish kerak?

 

Talaba my.gov.uz portali orqali OneID tizimidagi shaxsiy kabinetiga kirib, shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni tekshirishi lozim.

 

Agar tegishli bank uchun cheklov mavjud bo‘lsa, uni bekor qilib, bankka ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berish kerak.

 

Shundan so‘ng ta’lim krediti olish uchun qayta ariza yuborish mumkin.

 

Shu bilan birga, shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berish kredit avtomatik ravishda ajratilishini anglatmaydi. Ariza bank tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va kredit ajratish yoki rad etish bo‘yicha yakuniy qarorni tijorat banki qabul qiladi.

 

Ta’lim kreditini o‘qish tamomlanganidan keyin 7 oy o‘tgach to‘lash boshlanadi. Kredit 7 yil davomida qaytariladi.

 

O‘g‘il bolalar uchun kredit foizi Markaziy bankning asosiy stavkasi asosida belgilanadi. Qizlarga esa foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.

 

Ta’lim krediti super-kontraktda o‘qiydiganlar, sirtqi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklidagi talabalarga berilmaydi. Shuningdek, xorijdagi Oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlar ham ta’lim kreditini ololmaydi.