Ijtimoiy tarmoqlarda Forish tumanidagi 64-sonli maktab filiali holati yuzasidan tanqidiy fikrlar tarqaldi. Viloyat MMTB munosabatida 1994-yilda loy-paxsadan qurilgan, 20 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan filialni ta’mirlash uchun mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilgani ma’lum qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Forish tumanidagi 64-sonli umumta’lim maktabi filiali holati yuzasidan tanqidiy fikrlar tarqaldi.
Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Boshqarma munosabatiga ko‘ra, Forish tumani Narvon mahallasida joylashgan 64-sonli umumta’lim maktabi filiali 1994-yilda hashar yo‘li bilan loy-paxsadan qurilgan. Muassasa 20 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.
Maktab filialining holatini yaxshilash hamda zarur qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratilgan.
Hozirda viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan obyektning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, loyiha ishlab chiqish uchun g‘olibni aniqlash maqsadida tegishli e’lon berilgan.
Boshqarma shundan so‘ng belgilangan tartibda keyingi bosqichdagi ishlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan.
