Toshkent viloyatida voyaga yetmagan qizlarni narkosavdoga jalb qilgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyatida voyaga yetmagan qizlarni narkosavdoga jalb qilgan shaxslar ushlandi

Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalarini yashirin tarqatish bilan bog‘liq bir nechta holat aniqlandi. Tezkor tadbirlarda voyaga yetmagan qizlarni narkosavdoga jalb qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

 

Toshkent viloyatining Chirchiq shahri va Qibray tumanida giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi. Holatlardan birida voyaga yetmagan qizlarning narkosavdoga jalb qilingani aniqlangan.

 

Ichki ishlar vazirligining qayd etishicha, Chirchiq shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2006-yilda tug‘ilgan qiz va uning 2008-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan sherigi 41 dona skotch bo‘lagiga joylangan sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

 

Xususan, voyaga yetmagan qiz ijarada yashayotgan uyda sotish maqsadida saqlangan 1 kilogramm 259 gramm sintetik giyohvandlik vositasi aniqlangan.

 

Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbirlar davomida Chirchiqda yana bir shaxs 2009-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizni giyohvandlik vositalari savdosiga jalb qilgan. Ular 1988-yilda tug‘ilgan ayol bilan birga 150 gramm sintetik giyohvandlik vositasini yashirin joylarga qoldirish, ya’ni “zaklgeroinadka” usulida tarqatayotgan vaqtda ushlangan.

 

Mazkur ayolning yashash xonadonidan 2 kilogramm 850 gramm mefedron, 200 gramm alfa-PVP va 200 gramm geroin, shuningdek, giyohvandlik vositalarini qadoqlash va tarqatishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan zip-paketlar, izolentalar hamda tarozilar topilgan.

 

Bundan tashqari, Qibray tumanida internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konga aloqador shaxslar aniqlangan. Ular to‘rtta manzilda jami 200 dona o‘ramdagi giyohvandlik vositalarini yashirishga uringan.

 

Aniqlanishicha, qo‘lga olinganlar Sirdaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yashovchi yigitlar bo‘lib, ular orasida talabalar ham bor. Ular Toshkent viloyatiga kelib, giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan shug‘ullangan.

 

IIV ma’lumotiga ko‘ra, tezkor tadbirlar natijasida jami 4 kilogramm 700 gramm giyohvandlik vositasi musodara qilinib, 245 ming dona bir martalik dozaning noqonuniy muomalaga chiqarilishining oldi olingan.

 

Vazirlik hozirda internetdagi narkodo‘kon faoliyatiga aloqador boshqa shaxslar va jinoiy guruhlarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilayotganini ma’lum qilgan.

 

Avvalroq, 17 yoshli maktab o‘quvchisi Rossiyadan 852 gramm “gashish”ni qabul qilib olganda qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.