Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun nomzodlarni saralash davom etmoqda

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun nomzodlarni saralash davom etmoqda

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun nomzodlarni saralash davom etmoqda. Mukofotga 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qizlar hujjat topshirishi mumkin. Nomzodlar 9 ta yo‘nalish bo‘yicha saralanadi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-noyabrdagi 731-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti o‘qish va mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, iste’dodi, tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan xotin-qizlarga beriladi.

 

Nomzodlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha saralanadi:

 

  • fan;
  • ta’lim;
  • adabiyot;
  • madaniyat;
  • san’at;
  • sport;
  • axborot texnologiyalari;
  • jamoatchilik faoliyati;
  • tibbiyot.

 

Nomzodlarning so‘nggi uch yil davomidagi faoliyati va yutuqlari baholanadi. Bunda ularning respublika yoki xalqaro miqyosdagi tanlovlar, musobaqalar va boshqa loyihalarda erishgan natijalari, tashabbuskorligi hamda ijtimoiy faolligiga e’tibor qaratiladi.

 

Nomzodlar doimiy yashash joyi bo‘yicha tavsiya etiladi. Hujjatlar va yutuqlar tegishli komissiyalar tomonidan o‘rganiladi, hududiy hamda respublika bosqichlarida nomzodlar bilan suhbat ham o‘tkaziladi.

 

Tanlovda ishtirok etish istagidagi xotin-qizlar ushbu havola orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, hujjatlarini doimiy yashash joyidagi tuman yoki shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limlariga taqdim etishlari lozim.

 

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarning yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlarini baholash mezonlari bilan quyida batafsil tanishish mumkin.

 

Eslatib o‘tamiz, Zulfiya mukofoti sovrindorlariga qariyb 20 mln so’m pul mukofoti berilishi hamda ular uchun qanday imtiyozlar belgilanganligi haqida xabar bergan edik.