Texnikum ustalari uchun attestatsiya bekor qilinib, kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi

Texnikum ustalari uchun attestatsiya bekor qilinib, kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi

Endi kasbiy taʼlim tashkilotlari ustalari har besh yilda bir marta sertifikatlashdan oʻtkaziladi. Sertifikatlashdan oʻta olmagan ustalar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

 

Hukumatning tegishli qarori bilan kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga malaka toifasi berish tartibi tugatilib, kasbiy sertifikat berish tizimi belgilandi.

 

Bunda kasbiy taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ustalar har 5 yilda kamida bir marta majburiy tartibda sertifikatlashdan oʻtkaziladi. Sertifikat 5 yil muddatga beriladi. Nodavlat texnikumlarda faoliyat yuritayotgan ustalar esa oʻz xohshiga koʻra navbatdan tashqari sertifikatlashdan oʻtishi mumkin.

 

Avval sertifikatlashdan oʻtmagan yoki yangi ishga kirgan ustalar ish faoliyatiga 1 yil toʻlgandan keyin majburiy sertifikatlashga jalb etiladi.

 

Shuningdek, oʻquvchilari xalqaro yoki respublika kasbiy tanlovlarida 1–3-oʻrinlarni egallagan ustalarga sinovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri kasbiy sertifikat beriladi.

 

Quyidagi toifadagi ustalar majburiy kasbiy sertifikatlashga vaqtincha jalb etilmadi:

 

– homilador, homiladorlik va tugʻruq hamda bolani parvarish qilish taʼtillarida boʻlgan ayollar taʼtilda boʻlgan paytlarida va ishga chiqqandan keyin bir yil ichida;

– 3 yoshgacha bolalari bor ayollar;

– uzoq muddat davolanayotgan ustalar. Ular davolanayotgan davrida va ishga chiqqanidan soʻng olti oy davomida;

– respublikadagi yoki xorijga oʻqishga, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari, stajirovkaga yuborilgan ustalar. Ushbu taʼlim ustalari oʻqishdan ishga qaytgandan soʻng navbatdagi kasbiy sertifikatlashga jalb etiladi.

 

Kasbiy taʼlim ustasi oʻtkazadigan amaliy mashgʻuloti boʻyicha sertifikatlashdan oʻtadi. Bunda usta bir nechta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dars beradigan boʻlsa, oʻquv yuklamasi koʻp boʻlgan yoʻnalishidan, agar yoʻnalishlardagi oʻquv yuklamalari teng miqdorda boʻladigan boʻlsa, xohlagan bittasidan sertifikatlash imtihonidan oʻtishi mumkin.

 

Sinovlar 2 bosqichda, jami 100 ballik tizimda oʻtkaziladi:

 

1-bosqich — nazariy bilimlar (maksimal 30 ball);

2-bosqich — amaliy koʻnikmalar (maksimal 70 ball). Sertifikat olish uchun nomzod har ikkala bosqichning har birida kamida 70 foizdan toʻplab, umumiy 70 ball yoki undan yuqori natija koʻrsatishi shart.

 

Sertifikatlashdan oʻtish uchun har yili 1-yanvardan 1-fevralga va 1-avgustdan 1-sentyabrga qadar davlat xizmatlari markazi yoki Kasbiy taʼlim agentligining onlayn platformasi orqali ariza beriladi.

 

Navbatdagi majburiy sertifikatlash bepul amalga oshiriladi, ixtiyoriy (navbatdan tashqari) topshirganda esa BHMning 3 baravari miqdorida yigʻim olinadi (YAIDXP yoki platforma orqali murojaat qilinsa 10% chegirma mavjud).

 

Eslatma! Majburiy sinovdan oʻta olmagan ustaga bir marta qayta topshirish imkoniyati beriladi. Unda ham oʻta olmasa, mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.