Milliarder Jeff Bezos bepul bog‘cha ochdi. Unga bolalar lotareya orqali qabul qilinadi

Milliarder Jeff Bezos bepul bog‘cha ochdi. Unga bolalar lotareya orqali qabul qilinadi

Amazon asoschisi Jeff Bezos 3-5 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan bepul bog‘cha ishga tushirdi. Bog‘chaning o‘ziga xos jihati shundaki, u keksalar yashaydigan majmua hududida joylashgan.

 

AQShning Arizona shtatida Amazon asoschisi Jeff Bezos tomonidan tashkil etilgan “Bezos Academy’’ning 3–5 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan yangi bepul bog‘chasi ochildi. Bu yerda ta’lim Montessori tamoyillariga asoslangan dastur asosida yo‘lga qo‘yilgan. Yangi markaz 100 nafargacha bolani qabul qila oladi.

 

Mazkur bog‘cha to‘liq kunlik rejimda, haftasiga besh kun ishlaydi. Ta’lim, o‘quv materiallari, ovqatlanish va boshqa zarur xizmatlar belgilangan talablarga javob beradigan oilalar uchun bepul hisoblanadi.

 

Bog‘chaning o‘ziga xos jihati shundaki, u keksalar yashaydigan majmua hududida joylashgan. Bu yerda yashovchi keksa insonlar bolalar bilan turli mashg‘ulotlar, san’at va jamoaviy loyihalarda ishtirok etishi mumkin. Shu orqali bolalar va keksa avlod vakillari o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

 

Bog‘chadagi bepul ta’lim faqat juda kam daromadli oilalarga mo‘ljallanmagan. Bezos Academy ma’lumotiga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilida to‘rt kishilik oilaning yillik yalpi daromadi 132 ming dollargacha bo‘lgan oilalar ham markazga ariza topshirishi mumkin. Biroq belgilangan daromad talabiga mos kelish bolaning qabul qilinishini kafolatlamaydi. Talabgorlar o‘rtasida lotereya o‘tkaziladi.

 

Bu Bezosning birinchi bepul bog‘chasi emas. U asos solgan tarmoq AQSHning Arizona, Florida, Gavayi, Kentukki, Texas va Vashington shtatlarida 40 dan ortiq maktabgacha ta’lim markazlarida faoliyat yuritmoqda.