UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ta’lim oluvchilar sonining ortishi va o‘qituvchilik kasbini tark etayotganlar o‘rnini to‘ldirish uchun 2030-yilgacha yana 50 million nafar o‘qituvchi kerak bo‘ladi.
Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 107 million nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Biroq 2030-yilgacha maktabgacha, boshlang‘ich va o‘rta ta’limdan barcha uchun foydalanish imkonini ta’minlash uchun mavjud o‘quvchilarning har ikki nafariga yana bir nafar o‘qituvchi kerak bo‘ladi. Bu haqda UNESCO Statistika instituti ma’lum qildi.
Tashkilotning 2026-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, zarur bo‘lgan yangi o‘qituvchilarning 58 foizi yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun emas, kasbni tark etayotgan o‘qituvchilar o‘rnini to‘ldirish uchun kerak bo‘ladi.
O‘qituvchilarning kasbga munosabati ham muhim muammo sifatida qayd etilgan. OECDning “TALIS 2024” so‘rovnomasida qatnashgan mamlakatlarning 75 foizida o‘qituvchilarning 40 foizidan kamrog‘i o‘z kasbini jamiyat tomonidan qadrlanadi, deb hisoblagan. Kasbi qadrlanishini his qilgan o‘qituvchilarning kelgusi besh yil ichida kasbni tark etish haqida o‘ylash ehtimoli 10 foizdan ko‘proqqa past bo‘lgan.
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qituvchilar haftasiga o‘rtacha 19 soat dars beradi, biroq tayyorgarlik, uy ishlarni tekshirish va ma’muriy vazifalar bilan birga umumiy ish vaqti qariyb 60 soatni tashkil etadi.
Shuningdek, tahlil qilingan 68 mamlakatning har beshtasidan ikkitasida o‘qituvchilar maoshi xuddi shunday malakaga ega boshqa mutaxassislarning daromadidan past ekani aniqlangan.
UNESCO hukumatlarga o‘qituvchilar uchun raqobatbardosh maosh va rag‘batlantirish tizimini yaratish, kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish, ortiqcha ish yuklamasini kamaytirish hamda maktablarda xavfsiz va qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq, 113 mamlakat ta’limdan ko‘ra tashqi qarzlarni to‘lashga ko‘proq mablag‘ sarflayotgani haqida xabar bergan edik.
