Navoiyda “Toza hudud” xodimi voyaga yetmagan qizga shilqimlik qildi

Navoiyda “Toza hudud” xodimi voyaga yetmagan qizga shilqimlik qildi

Qiziltepa tumanida “Toza hudud” xodimi voyaga yetmagan qizga nisbatan shilqimlik qilgani uchun ma’muriy qamoqqa olingan. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

 

Aniqlanishicha, 24 yoshli U.N. voyaga yetmagan qiz bilan Instagram orqali tanishgan.

 

2026-yil 19-sentyabr kuni u qizga yetkazib berish xizmati orqali kelgan buyurtmasi borligini aytib, uni tumandagi do‘kon oldiga chaqirgan. Qiz kelgach, U.N. undan o‘zi boshqarayotgan Damas avtomashinasiga o‘tirishini so‘ragan.

 

Avtomobil ichida U.N. qizga asl ismi boshqa ekanini, turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi borligini aytgan. Shundan so‘ng uni sevib qolganini bildirgan, qo‘lidan ushlagan va shahvoniy mazmundagi gaplar aytgan.

 

Qizning onasi bergan ko‘rsatmaga ko‘ra, qizi voqeadan keyin mashinadan tushib ketmoqchi bo‘lgan, biroq U.N. uning qo‘lidan ushlab, bunga yo‘l qo‘ymagan.

 

Sud U.N.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi maktabda qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qilgani haqida xabar berilgan edi. Sud holatida jinoyat alomatlari borligini qayd etib, ishni prokurorga yuborgan.