Ona tili va adabiyot, tarix, geografiya, qoraqalpoq tili va adabiyot hamda rus tili va adabiyot fanlaridan qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar belgilangan to‘lovni bugun kun yakuniga qadar amalga oshirishi kerak.
Xabaringiz bor, bugun ona tili va adabiyot, tarix va geografiya fanlaridan milliy sertifikat imtihonlariga bo‘sh o‘rinlar uchun qo‘shimcha ro‘yxatga olish boshlandi.
Talabgorlar my.gov.uz orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tib, bugun kun yakuniga qadar to‘lovni amalga oshirishi kerak.
Talabgorlar hududlar kesimidagi o‘tirish o‘rinlari sonidan kelib chiqqan holda quyidagi sanalar uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin:
— 23-oktyabr — geografiya (elektron shaklda);
— 24-25-26-oktyabr — ona tili va adabiyot;
— 24-oktyabr — qoraqalpoq tili va adabiyot;
— 25-oktyabr — rus tili va adabiyot;
— 31-oktyabr — tarix.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pedagoglar uchun milliy sertifikat imtihoniga ro‘yxatdan o‘tishda belgilangan 50 foizlik imtiyoz qo‘llanmayotgani haqida murojaatlar kelib tushgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur holat yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligiga murojaat qilinib, imtiyozdan foydalana olmagan ayrim pedagoglarning ma’lumotlari taqdim etilgan.
Ayni paytda ushbu masala Agentlik mutaxassislari tomonidan o‘rganilmoqda. Agentlik tomonidan muammoning yakuniy sababi va yechimi bo‘yicha hozircha rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q. Rasmiy ma’lumot taqdim etilsa, bu haqda qo‘shimcha xabar beramiz.
