2025-yilda dunyo bo‘yicha maktab yoshidagi 13,1 mln qochqin bolaning 5,8 mln nafari, ya’ni 44 foizi ta’limdan chetda qolgan. Qochqin bolalarning boshlang‘ich ta’limga qamrovi 65 foizni, o‘rta ta’limga qamrovi esa 32 foizni tashkil etgan.
BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (UNHCR) tomonidan 2025-yilda qochqinlarning ta’lim olishi bilan bog‘liq holatni tahlil qilgan hisoboti e’lon qilindi.
“Kelajak sari yo‘llar: ta’lim, imkoniyatlar va mustaqillik” nomli hisobotda 2025-yil yakunlari bo‘yicha qochqin bolalar va yoshlarning ta’limga qamrovi tahlil qilingan.
Hisobotga ko‘ra, 2025-yilda maktab yoshidagi 13,1 mln qochqin bolaning 5,8 mln nafari maktabga bormagan. Bu jami qochqin bolalarning 44 foizini tashkil etadi.
Qochqin bolalar uchun boshlang‘ich ta’limdan o‘rta ta’limga o‘tish eng katta muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda qochqin bolalarning 65 foizi boshlang‘ich ta’limga, 32 foizi esa o‘rta ta’limga qamrab olingan.
Qizlarning ta’limni davom ettirishida muammolar ko‘proq kuzatilmoqda. Boshlang‘ich ta’limda qizlar va o‘g‘il bolalar qamrovi deyarli teng bo‘lsa-da, o‘rta ta’lim bosqichida ular o‘rtasidagi farq sezilarli darajada oshadi. Hisobotda bunga qashshoqlik, xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar, erta turmush qurish va boshqa omillar sabab bo‘layotgani qayd etilgan.
Oliy ta’limda esa qochqinlar uchun qamrov ko‘rsatkichi oshgan. 2025-yilda qochqin yoshlarning oliy ta’limga yalpi qamrovi 11 foizga yetgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avval 9 foizni tashkil etgan.
Hisobotda qayd etilishicha, 450 mingdan ortiq qochqin ilk bor oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bu kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.
Shunga qaramay, oliy ta’limga kirish imkoniyatlari mamlakatlar bo‘yicha sezilarli farq qiladi. Hisobotda ayrim mamlakatlarda qochqinlarning oliy ta’limga qamrovi umumiy aholi ko‘rsatkichidan ancha past ekani ko‘rsatilgan.
UNHCR global miqyosda gumanitar va rivojlanish yordami uchun ajratiladigan mablag‘larning qisqarishi qochqinlarning ta’lim olish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirgan. Tashkilot qochqinlarni qabul qiluvchi mamlakatlarning milliy ta’lim tizimlariga sarmoya kiritish va ta’limni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.
Avvalroq, UNICEF tomonidan e’lon qilingan hisobotida 2025-yilda 106 ta mamlakat va hududdagi ta’lim jarayoniga iqlim xavflarining ta’siri tahlil qilingan edi. Unga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 171 milliondan ortiq o‘quvchining ta’lim olishi iqlim bilan bog‘liq xavflar sabab uzilgan. Bu maktabgacha ta’limdan yuqori o‘rta ta’limgacha bo‘lgan o‘quvchilarning taxminan har o‘n nafaridan biriga to‘g‘ri keladi.
