Toshkentda bir vaqtning o‘zida 12 ta yangi formatdagi maktab qurilishiga start berildi. Yangi ta’lim muassasalari 12 tumanning 11 tasida barpo etilib, kelasi o‘quv yili boshiga qadar 18 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Toshkentda bir vaqtning o‘zida 12 ta zamonaviy maktab qurilishi boshlandi. Loyiha NRG-BI qurilish kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Yangi maktablar poytaxtning 12 tumanidan 11 tasida — Bektemir tumanidan tashqari barcha tumanlarda qurilmoqda. Yangihayot tumanida esa ikkita maktab barpo etiladi.
Qurilish ishlarini 8 oyda yakunlash rejalashtirilgan. Kelasi o‘quv yili boshlanguniga qadar jami 18 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Poytaxt hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi maktablar texnologik, ergonomik, qulay va inklyuziv tarzda quriladi. Loyihalar zamonaviy me’moriy yechimlar va zarur infratuzilmani hisobga olgan holda uch xil ko‘rinishda ishlab chiqilgan.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimovaning ma’lum qilishicha, yangi maktablar 1 500 nafardan 2 000 nafargacha o‘quvchiga mo‘ljallanadi.
NRG-BI boshqaruv direktori Nurbol Shalkenovning so‘zlariga ko‘ra, maktablar xalqaro standartlar va zamonaviy ta’lim amaliyotlari asosida loyihalashtirilgan. Ular 7 ta o‘quv blokidan iborat 5 qavatli binolar bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu bloklarni mavjud maktablarga qo‘shimcha bino sifatida qurib, ularga ulash imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Toshkentda 16 ta zamonaviy bog‘cha qurish loyihasi ham ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, maktablar uch tipda, bog‘chalar esa besh xil tipda bo‘ladi.
