“Oilamdagi muhit ingliz tilini oʻrganishimga turtki boʻlgan” — Jizzaxda 12 yoshli oʻquvchi ingliz tilidan B2 natijani qoʻlga kiritdi

“Oilamdagi muhit ingliz tilini oʻrganishimga turtki boʻlgan” — Jizzaxda 12 yoshli oʻquvchi ingliz tilidan B2 natijani qoʻlga kiritdi

Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Jizzax filialidagi 7-sinf oʻquvchisi ingliz tilidan B2 sertifikatni qoʻlga kiritdi.

 

Jizzax shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabning 12 yoshli oʻquvchisi Sunnatullayev Doston 6-sinfligida ingliz tilidan B2 sertifikatni qoʻlga kiritdi. Hozir u ushbu maktabning 7-sinfida tahsil olmoqda.

 

Dostonning soʻzlariga koʻra, uning ingliz tiliga qiziqishiga maktabdagi qoʻshimcha darslar sababchi emas, balki kichkinaligidan shu tilni oʻrganishni xohlagan. Jumladan, u ingliz tilini oʻrganishni 1-sinfligidayoq boshlagan, 5-sinfdan boshlab esa CEFR sertifikatini olish uchun jiddiyroq tayyorgarlik koʻrgan.

 

“Men ingliz tilini 1-sinfimdan beri oʻrganaman. 5-sinfimdan maktabimdagi ustozlar bilan CEFR sertifikatiga tayyorlandik. Men ingliz tilini juda yaxshi koʻraman”, — deydi Doston.

 

U ingliz tilini oʻrganish bilan birga maktabdagi boshqa fanlarni ham eʼtibordan chetda qoldirmaganini taʼkidlaydi. Shuningdek, maktabdagi darslardan tashqari, sertifikat imtihoni uchun muntazam shugʻullangan. Dostonning fikricha, faqat maktab darslari bilan cheklanish, yaxshi natija qilish va sertifikat olish uchun yetarli boʻlmaydi.

 

Dostonning B2 darajadagi natijaga erishishida muntazam va intensiv tayyorgarlik muhim rol oʻynagan. Uning aytishicha, imtihonga kam vaqt qolgan paytlarda guruhdoshlari bilan ertalab soat 8:00 dan kechki 19:00 gacha shugʻullangan.

 

Bunda ularning tayyorgarligi faqat bitta koʻnikma bilan cheklanmagan. Doston listening, reading, speaking va writing yoʻnalishlarining har biri ustida ishlagan.

 

Bugungi kunda oʻquvchilarning koʻp vaqtini egallaydigan telefon va ijtimoiy tarmoqlardan Doston boshqacha foydalanishga harakat qilgan. U telefonni ingliz tilini oʻrganishdagi qoʻshimcha vositaga aylantirgan.

 

“Telefon va ijtimoiy tarmoqlarni oʻz foydamga ishlatishni oʻrgandim. Telefonda lugʻat va elektron kitoblardan foydalanar va qoʻshimcha darslar qilardim. Mana bugun bular oʻz natijasini koʻrsatmoqda”, — deydi oʻquvchi.

 

Oʻquvchining ingliz tilini oʻrganishida oilasidagi muhit ham muhim oʻrin tutgan. Uning dadasi ingliz tilini yaxshi biladi, shuningdek, akasining ham IELTSʼdan 7.5 natijasi bor. Maktab va qo’shimcha kurslarda o’qituvchilari bilan shug’ullansa, uyda esa otasi va akasi unga ingliz tilidan qo’shimcha saboq bergan. Shuningdek, akasining sertifikati borligi u uchun katta yordam boʻlgan. Yaʼni, u akasidan imtihonga qanday tayyorlanish, nimalarni oʻqish kerakligini doimo soʻrab, yordam olib kelgan.

 

Doston ushbu natija uning uchun boshlangʻich daraja ekanligini, oʻz ustida yanada koʻproq ishlab, bundanda katta natijalarga erishishni o’z oldiga maqsad qoʻyganini taʼkidladi.

 

Oʻquvchining kelgusidagi oʻqish va ishlariga omad tilaymiz.