Oksford, Garvard, MIT, Stenford va Kembridj kabi universitetlarda o‘qish ko‘pchilik uchun nafaqat nufuzli, balki juda qimmat ham hisoblanadi. Ammo bu oliygohlarda talabalar aynan nimalarni o‘rganadi? Ularning ta’lim dasturlarida qanday noodatiy yo‘nalishlar bor?
Dunyodagi eng mashhur universitetlar deyilganda ko‘pchilikning xayoliga birinchi navbatda Oksford, Garvard, MIT, Stenford yoki Kembridj keladi.
Bu universitetlarda o‘qish uchun katta mablag‘ talab qilinishi mumkin. Masalan, Oksfordda 2027/28-o‘quv yili uchun xorijiy talabalar bakalavriat kontrakti yo‘nalishga qarab yiliga 39 620 funt sterlingdan 66 580 funt sterlinggacha — taxminan 621 million so‘mdan 1,04 milliard so‘mgacha etib belgilangan.
Stenfordda esa 2026–2027-o‘quv yilida kunduzgi bakalavriat kontrakti bir chorak uchun 22 577 dollar, ya’ni uch chorak hisobida yiliga 67 731 dollarni tashkil qiladi. Bu taxminan 801 million so‘mga teng.
Lekin bu universitetlarning qiziq jihati faqat kontrakt narxida emas. Ularning o‘quv dasturlarida talabaga o‘z sohasidan tashqariga chiqish, boshqa fanlarni o‘rganish va turli yo‘nalishlarni birlashtirish imkoniyatlari ham beriladi.
Oksford Universiteti
Buyuk Britaniyadagi Oksford universiteti dunyoning eng qadimiy va mashhur universitetlaridan biri. Universitetda bakalavriat bosqichida gumanitar fanlardan tortib tibbiyot, huquq, iqtisodiyot, kompyuter fanlari va muhandislikkacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlar mavjud.
Oksfordning o‘ziga xos jihatlaridan biri — ko‘plab dasturlarda talabalar bir fan doirasida chuqur bilim olish bilan birga boshqa sohalar bilan ham kesishadigan dasturlarda o‘qiydi.
Masalan, universitetda:
- Kompyuter fanlari va falsafa;
- Iqtisodiyot va menejment;
- Tarix va iqtisodiyot;
- Falsafa, siyosat va iqtisodiyot;
- Ingliz tili va zamonaviy tillar;
kabi ikki yoki undan ortiq sohani birlashtirgan dasturlar mavjud.
Shuning uchun Oksfordda talaba faqat “iqtisodchi” yoki “dasturchi” bo‘lib qolmay, iqtisodiyot va boshqaruv, kompyuter texnologiyalari va falsafa kabi ikki xil sohani birgalikda o‘rganishi mumkin.
Garvard Universiteti
AQShdagi Garvard universitetida bakalavriat yo‘nalishi “concentration” (Garvard tizimida talabaning asosiy akademik yo‘nalishi yoki mutaxassisligi) deb ataladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, universitetda bakalavriat bosqichida 3 700 dan ortiq kurs va 50 dan ortiq yo‘nalish mavjud. Ular san’at, muhandislik, tarix, tillar, adabiyot, din, hayot fanlari, matematika, hisoblash texnologiyalari va tabiiy fanlarni qamrab oladi.
Garvardda 2026–2027-o‘quv yili uchun bakalavriatning yillik to‘lovi 62 226 dollarni, ya’ni taxminan 736 million so‘mni tashkil qiladi. Bunda yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlar kiritilmagan.
Bundan ham qiziqrog‘i, Garvard talabalariga ikki xil “concentration”ni birgalikda o‘rganish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, talaba ikki xil akademik yo‘nalishni birlashtirishi mumkin.
Hatto mavjud yo‘nalishlar orasidan o‘zining ilmiy qiziqishiga mos dastur topa olmagan talaba yangi yo‘nalish yaratish uchun taklif kiritishi mumkin. Bunday dastur alohida ko‘rib chiqiladi. Ya’ni Garvardda talaba “faqat bitta mutaxassislikni tanlayman” degan qat’iy chegarada qolib ketmaydi.
MIT Universiteti
Massachusetts Institute of Technology — MIT — asosan texnologiya, muhandislik va tabiiy fanlari bilan mashhur.
2026–2027-o‘quv yilida MIT bakalavriatida bir semestrlik kontrakt 33 360 dollar, ikki semestr uchun esa 66 720 dollar, ya’ni taxminan 790 million so‘mni tashkil qiladi.
Universitetning ta’lim falsafasida “learning by doing” — amaliyot orqali o‘rganish tamoyili muhim o‘rin tutadi. MIT bakalavriat ta’limida nazariy bilim amaliy qo‘llash bilan birlashtiriladi.
Talabalar odatda birinchi yil davomida turli yo‘nalishlarni sinab ko‘rib, keyinchalik asosiy mutaxassisligini tanlashi mumkin. Universitetda talabalar ikki xil mutaxassislik bo‘yicha ham bakalavr darajasini olishlari mumkin.
MIT’da aeronavtika va astronavtika, biologik muhandislik, kimyo muhandisligi, kompyuter fanlari, elektrotexnika, mexanika, arxitektura va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar mavjud.
Shu sababli bu yerda talaba faqat nazariy formulalarni yodlash bilan cheklanmaydi — o‘rgangan bilimini amaliy loyihalarda qo‘llashga ham katta e’tibor qaratiladi.
Kembridj Universiteti
Kembridj ham dunyoning eng nufuzli universitetlari qatorida turadi.
2026–2027-o‘quv yilida xalqaro talabalar uchun bakalavriat kontrakti tanlangan yo‘nalishga qarab 29 052 funt sterlingdan 70 554 funt sterlinggacha, ya’ni taxminan 455 million so‘mdan 1,11 milliard so‘mgacha bo‘lishi mumkin.
Kembridj ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlaridan biri — ayrim kurslarda talaba dastlab kengroq bilim oladi, keyingi yillarda esa o‘ziga qiziq bo‘lgan yo‘nalishda chuqurroq ixtisoslashadi.
Universitetning bakalavriat dasturlarida aerokosmik muhandislik, kimyo muhandisligi, kompyuter muhandisligi, arxitektura, antropologiya, arxeologiya, astronomiya, biokimyo, tibbiyot kabi juda ko‘p yo‘nalishlar mavjud.
Kembridjda hatto akkad tili, qadimgi tillar, qadimgi Yaqin Sharq tarixi kabi nisbatan noodatiy yo‘nalishlarni ham o‘rganish mumkin.
ETH Zurich Universiteti
Shveytsariyadagi ETH Zurich ko‘proq texnologiya va tabiiy fanlar bilan bog‘lanadi.
Universitet bakalavriatida Kompyuter fanlari, Elektrotexnika, Mexanika muhandisligi, Materialshunoslik, Matematika, Fizika, Kimyo, Farmatsevtika fanlari, Atrof-muhit fanlari, Inson tibbiyoti kabi yo‘nalishlar mavjud.
ETH Zurich’da xorijiy talabalar uchun 2025-yil kuzidan boshlab yangi to‘lov tizimi joriy etilgan. Tegishli toifaga kiruvchi talabalar uchun kontrakt bir semestrga 2 190 Shveytsariya franki, ya’ni yiliga 4 380 frankni tashkil etadi.
Bu taxminan 70 million so‘m atrofida.
ETH Zurich’da bakalavriatning birinchi yilida talabalar matematika, fizika, kimyo, informatika va biologiya kabi fundamental fanlarni o‘rganadi. Keyingi bosqichlarda esa o‘z mutaxassisligiga oid fanlar, laboratoriya mashg‘ulotlari, loyihalar va mustaqil ishlar kuchayadi.
Qiziq jihati shundaki, ETH Zurich’da bakalavriat dasturlari asosan nemis tilida olib boriladi.
London Imperial Kolleji
Londondagi “Imperial College London” esa asosan muhandislik, tibbiyot, tabiiy fanlar va biznes yo‘nalishlari bilan mashhur.
2026–2027-o‘quv yilida xorijiy talabalar uchun kontrakt miqdori fakultet va dasturga qarab farq qiladi. Masalan, ayrim injenerlik dasturlarida yillik to‘lov 45 500 funt sterling, ya’ni taxminan 713 million so‘mni tashkil qiladi. Meditsina yo‘nalishida esa bu ko‘rsatkich 58 600 funt sterling, ya’ni qariyb 918 million so‘mga yetadi.
Imperialda talaba kimyo, fizika, matematika yoki biologiya kabi fundamental fanlardan tortib, aeronavtika, biotibbiyot, kompyuter fanlari va boshqa muhandislik yo‘nalishlarigacha bo‘lgan sohalarda tahsil olishi mumkin.
Bu yerda ta’limning muhim jihatlaridan biri — ilmiy bilimni real muammolarni hal qilish bilan bog‘lash.
Xo‘sh, bu universitetlarning farqi nimada?
Dunyodagi mashhur universitetlarning o‘quv dasturlariga qaralganda, ularning barchasida bir xil model yo‘qligini ko‘rish mumkin.
Garvard fanlararo ta’lim va yo‘nalishlarni birlashtirish imkoniyatiga katta e’tibor beradi. MIT nazariya va amaliyotni birlashtirib, “learning by doing” tamoyilidan foydalanadi. Kembridj ayrim dasturlarda dastlab keng bilim berib, keyinchalik ixtisoslashishga imkon beradi. ETH Zurich esa kuchli matematik va tabiiy-ilmiy tayyorgarlikdan boshlaydi. Oksfordda esa turli fanlarni birlashtirgan dasturlar orqali talaba bir vaqtning o‘zida ikki sohaga yaqin bilimlarni egallashi mumkin.
Shu sababli dunyoning eng nufuzli universitetlarida o‘qish faqat qimmat kontrakt to‘lash yoki mashhur diplom olishdan iborat emas. Talabalar o‘z sohasini chuqur o‘rganish bilan birga tanqidiy fikrlash, tadqiqot olib borish, boshqa fanlar bilan bog‘lanish va o‘rgangan bilimini amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq, jahondagi eng noodatiy imtihonlar haqida maqola tayyorlagan edik.






