Namangandagi bog‘chada ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizni zo‘rladi

Namangandagi bog‘chada ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizni zo‘rladi

Holat davlat bog‘chalaridan birida sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchi bog‘chada ombor mudiri bo‘lib ishlagan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Namangan viloyatidagi davlat bog‘chalaridan birida 5 yoshli tarbiyalanuvchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.

 

Qayd etilishicha, voqea yuzasidan Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan 12-sentyabr kuni jinoyat ishi ochilgan.

 

Gumonlanuvchi shu kunning o‘zida protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

 

Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi hamda 112-moddasi 1-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Bolalar ombudsmani jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishini o‘z vakolatlari doirasida kuzatib bormoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, Prezident tomonidan 2026-yil 3-mart kuni ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olishga qaratilgan farmon imzolangan. Hujjatda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qator o‘zgarishlar nazarda tutilgan.

 

Xususan, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab voyaga yetmaganlarga nisbatan ayrim og‘ir jinsiy jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazish imkoniyatini cheklash belgilanmoqda.

 

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan ayrim jinoyatlar takroran sodir etilgan holatlarda jazoni yanada kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish taklif etilgan.

 

Mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari yakunlari va sudning tegishli qarori keyinchalik ma’lum qilinadi.

 

Avvalroq, Buxoroda 3 yoshli qizchaning o‘limiga sabab bo‘lgan bog‘cha rahbariga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edik.