Buxoroda 3 yoshli qizchaning o‘limiga sabab bo‘lgan bog‘cha rahbariga sud hukmi o‘qildi

Buxoroda 3 yoshli qizchaning o‘limiga sabab bo‘lgan bog‘cha rahbariga sud hukmi o‘qildi

Buxoro viloyatida bog‘cha tarbiyalanuvchisiga shifokor tavsiyasisiz dori bergan bog‘cha rahbari sud tomonidan 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

 

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida 3 yoshli qizchaga shifokor tavsiyasisiz dori bergan oilaviy bog‘cha rahbariga sud hukmi o‘qildi. U 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

 

Hodisa 2025-yil 20-iyun kuni Qorako‘l tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida sodir bo‘lgan.

 

“Daryo” tanishgan sud hujjatiga ko‘ra, 2022-yilda tug‘ilgan qizchaning bog‘chada ichi ketib, qorni og‘riy boshlagan. Shunga qaramay, uni shifokorga ko‘rsatish yoki ota-onasiga xabar berish o‘rniga bog‘cha rahbari D.E. unga “Siprofloksatsin” dorisini bergan.

 

Bog‘cha rahbari D.E.ning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, bola ertalab soat 08:30 atrofida muassasaga kelgan. Kun davomida uning ichi ketgan, tarbiyachilar bir necha marta kiyimlarini almashtirgan. Keyin u boshqa bolalar bilan o‘ynagan va tushlik qilgan.

 

Soat 13:15 atrofida qizcha yig‘lab uyg‘ondi. Uning ichi yana ketgan va qorni og‘riyotganini aytgandi. Tarbiyachi uni bir necha marta hojatxonaga olib bordi. Shundan keyin muzlatkichdan dori olib, tabletkaning bir qismini qizchaning tili ustiga qo‘ygandim va suv ichirgandim. Dori bolaga yordam beradi, deb o‘ylagandim, — degan u.

 

Oradan ko‘p o‘tmay qizchaning ahvoli og‘irlashgan. U qusmoqchi bo‘lgan, rangi o‘zgargan, keyinchalik lablari ko‘karib, jag‘i qisila boshlagan. MTT rahbari uning og‘zida qolgan dori bo‘lagini olib tashlagan. Shundan keyin tez yordam chaqirilgan. Tez yordam yetib kelguniga qadar bog‘cha rahbari va uning turmush o‘rtog‘i bolaga yordam berishga uringan.

 

Keyin ular o‘z avtomashinasida qizchani poliklinikaga olib ketishgan. Yo‘lda tez yordam mashinasiga duch kelishgach, uni shifokorlarga topshirishgan.

 

Qizcha Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.

 

O‘lim sababi haqida

 

Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, qizchaning o‘limiga qusuq massalari yuqori nafas yo‘llarini berkitib qo‘yishi natijasida yuzaga kelgan bo‘g‘ilish sabab bo‘lganini aniqlagan.

 

Ekspertlar marhumada o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa kasalliklarning morfologik belgilari aniqlanmaganini ham qayd etgan. Mutaxassislar bolada kasallik alomatlari paydo bo‘lganida pediatr yoki infeksionist ko‘rigidan o‘tkazilishi, zarur tekshiruvlardan keyingina shifokor tavsiya qilgan dorilar berilishi kerakligini bildirgan.

 

Ta’kidlanishicha, sud jarayonida D.E. aybiga iqror bo‘lgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. U marhumaning yaqinlaridan kechirim so‘rab, suddan yengillik berishni iltimos qilgan.

 

Qizchaning otasi esa bog‘cha rahbariga nisbatan moddiy va ma’naviy da’vosi yo‘qligini bildirib, unga qonuniy jazo tayinlanishini so‘ragan.

 

Sud hukmiga ko‘ra, D.E. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

 

Unga 2 yil muddatga maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.