Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududida joylashgan maktab tadbirkor ko‘magida zamonaviy ta’lim maskaniga aylantirildi. Uni qayta qurish uchun 2,5 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududda joylashgan maktab tadbirkor Valijon Solihov ko‘magida qayta qurildi. U ta’lim muassasasini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlab, maktabni “Bo‘lajak millionerlar maktabi” deb nomladi.
Bu haqda “O‘zbekiston24” telekanalining “Yangi dunyoqarash” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, maktabni qayta qurish uchun tadbirkor 2,5 mlrd so‘m mablag‘ sarflagan. Ta’lim muassasasidagi barcha xonalar ta’mirlanib, elektron doskalar va o‘quvchilar uchun zarur jihozlar o‘rnatilgan.
Maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha, avval ta’lim muassasasida sharoit yetarli bo‘lmagan. Qishda tomdan suv o‘tgan, xonalar esa sovuq bo‘lgani sababli ko‘mir yoqib isitilgan. O‘quvchilar hatto dars vaqtida ustki kiyimlarini yechmagan.
Tadbirkor maktabdagi sharoit bilan tanishgach, uni shahardagi maktablar darajasiga olib chiqishni taklif qilgan.
Bu maktab bolajonlarimizga yo‘l uzoq bo‘lgani sabab filial sifatida tashkil etilgan. Lekin avval sharoit yaxshi emas edi. Tadbirkor bilan ilk bor gaplashganimizda, mablag‘im yetarli, ruxsat bersangiz maktabni qayta ta’mirlab beraman, degan edi”, — deydi o‘qituvchi.
Valijon Solihovning ta’kidlashicha, u ham faoliyatini katta imkoniyatlar bilan boshlamagan. Dastlab uning bir dona eski “Moskvich” avtomobili va kichik xonasi bo‘lgan.
1992-yili ishimizni boshlaganimizda uch kishi edik. 2016-yilda 34 kishiga yetdik. Hozir esa 900 kishi bo‘lib ishlayapmiz. Kelasi yilda faoliyatimizni yana 1,2–1,3 baravar kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Eksportimiz ham yildan-yilga oshib bormoqda”, — deya qayd etgan tadbirkor.
Uning fikricha, inson millioner bo‘lish uchun yangilik yaratishi va boshqalar qilmagan ishlarni amalga oshirishi kerak.
Yangi fikr yaratish uchun insonning tafakkuri va bilim darajasi yuqori bo‘lishi kerak. Shu ishlarni davom ettirish niyatidamiz, — deydi Valijon Solihov.
