Qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratiladigan 6 500 ta qo‘shimcha kontrakt kvotasi va 700 ta maqsadli davlat granti bo‘yicha yakuniy hisob-kitoblar olib borilmoqda. Oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov kvotalar keyingi hafta e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun ajratiladigan kvotalar bo‘yicha savollarga javob berdi. U suhbat davomida hisoblash ishlari davom etayotgani va kvotalar keyingi hafta e’lon qilinishini aytib o‘tdi:
2022-yildan buyon Qoraqalpoq yoshlari uchun alohida kvotalar ajratib kelinmoqda. Joriy yilda ham 6 ming 500 ta kvota ajratiladi. Hozir BMBA bilan oxirgi hisob-kitoblar hisoblayapmiz. Nasib qilsa, keyingi haftada kvotalarni e’lon qilamiz – deydi vazir.
Ushbu 6 ming 500 ta kontrakt kvotasi Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari, barcha viloyatlardagi oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun ajratiladi.
Bundan tashqari yana 700 ta maqsadli davlat granti ham ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun qo‘shimcha kvota ajratilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF–213-son Farmonida belgilangan.
