Oliy taʼlim muassasasida oʻqilgan davrlar ham ish stajiga qoʻshiladimi?

Oliy taʼlim muassasasida oʻqilgan davrlar ham ish stajiga qoʻshiladimi?

Oliy taʼlim muassasalarida kunduzgi taʼlim shaklida oʻqilgan davr, shu jumladan chet elda oʻqish vaqti pensiya olish huquqini beradigan ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.

 

“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunning 37-moddasiga koʻra, ish stajiga bir qator faoliyat va davrlar qoʻshib hisoblanadi.

 

Jumladan:

 

— harbiy xizmat, partizan otryadlari va qoʻshilmalarida boʻlish, davlat xavfsizligi organlari, Milliy gvardiya va ichki ishlar organlaridagi xizmat;

 

— oliy taʼlim muassasalarida, aspirantura, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar instituti, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti, tayanch doktorantura, doktorantura va klinik ordinaturada kunduzgi taʼlim olish, shu jumladan chet elda oʻqish davri.

 

Bunda oliy taʼlimda oʻqigan davr ish stajiga qoʻshilishi uchun kamida 7-yil umumiy ish staji boʻlishi shart. Harbiy xizmat davrini ish stajiga qoʻshish uchun esa oldindan ish staji talab etilmaydi.

 

Shuningdek, qonunda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyati, nogironligi boʻlgan shaxslar yoki parvarishga muhtoj keksalarni parvarishlash davri, bola 3 yoshga toʻlguncha parvarishlash taʼtili va boshqa ayrim davrlar ham tegishli shartlar asosida ish stajiga qoʻshilishi koʻrsatilgan.

 

Eslatib oʻtamiz, avvalroq 2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borish va 2039-yilda erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash taklif qilinayotganligi haqida xabar berilgan edi.