Birinchi hafta: yangi talabalar universitetda nimalarga duch kelmoqda?

Birinchi hafta: yangi talabalar universitetda nimalarga duch kelmoqda?

Talimxabarlari.uz 1-kurs talabalarining universitetdagi ilk haftasini qanday o‘tkazgani, duch kelgan qiyinchiliklari va dastlabki taassurotlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Talimxabarlari.uz o‘tkazgan so‘rovnomada 1-kurs talabalari ishtirok etishdi. Javoblar yangi talabalarning kutilmalari, duch kelgan qiyinchiliklari, o‘qituvchilar haqidagi ilk taassurotlari va universitet hayotiga moslashish jarayoni haqida tasavvur beradi.

 

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 1-kurs talabalari universitet hayotiga hali to‘liq baho berishga shoshilmayapti. Respondentlarning 27,1 foizi talabalik hayoti haqida hozircha xulosa qilishga erta ekanini bildirgan.

 

Shu bilan birga, 22,9 foiz talabalar universitet hayoti kutganidan ham yaxshi ekanini aytgan. 20,8 foiz respondent esa talabalik hayoti kutganidan qiyinroq ekanini qayd etgan. Yana 18,8 foiz talaba universitet hayoti tasavvur qilganidan umuman boshqacha ekanini bildirgan. Ishtirokchilarning 10,4 foizigina talabalik hayoti deyarli kutganidek ekanini aytgan.

 

Bu natijalar yangi talabalar orasida universitet haqidagi dastlabki tasavvurlar bir xil emasligini ko‘rsatadi. Birinchi haftaning o‘ziyoq ayrimlar uchun kutilganidan yaxshi taassurot qoldirgan bo‘lsa, boshqalar maktabdagi ta’limdan keskin farq qiladigan muhitga duch kelgan.

 

So‘rovnomadagi eng aniq ko‘rsatkichlardan biri — yangi talabalarning asosiy qiyinchiligi.

 

54,2 foiz talabalar maktabdan universitetga o‘tishda ular uchun eng qiyin jihat yangi muhitga moslashish ekanini bildirgan. 33,3 foiz esa hozircha hech qanday jiddiy qiyinchilikka duch kelmaganini aytgan. Qolgan respondentlar darslarning murakkabligini va mustaqil ta’limni asosiy qiyinchilik sifatida ko‘rsatgan.

 

Demak, dastlabki bosqichda talabalar uchun o‘quv fanlarining murakkabligidan ko‘ra, yangi muhit, yangi odamlar va universitet tizimiga moslashish muhimroq masala bo‘lib turibdi.

 

Yangi guruhga moslashish bo‘yicha natijalar ham e’tiborga molik.

 

Respondentlarning 39,6 foizi birinchi haftadayoq bir nechta do‘st orttirganini bildirgan. 27,1 foiz talaba esa guruhga tezda moslashganini aytgan. Biroq 33,3 foiz talabalar o‘zini hali ham guruhda biroz begona his qilayotganini bildirgan. Bu ko‘rsatkich universitetning ilk kunlarida talabalar uchun nafaqat akademik, balki ijtimoiy moslashuv ham muhim ekanini ko‘rsatadi.

 

Ochiq javoblarda ham yangi do‘stlar orttirish ko‘plab talabalar uchun birinchi haftaning eng yoqimli jihatlaridan biri sifatida tilga olingan.

 

Talabalarning o‘qituvchilarga bergan bahosida ham ehtiyotkorlik seziladi. 29,2 foiz respondent birinchi haftada o‘qituvchilar bilan hali yetarlicha tanishmaganini bildirgan. 25 foiz talaba o‘qituvchilardan kutganidan yaxshi taassurot olgan. 16,7% ularni kutganidek deb baholagan.

 

Shuningdek, yana 16,7 foiz ishtirokchi o‘qituvchilarni juda talabchan deb hisoblagan bo‘lsa, 10,4 % talaba ustozlari kutganidan qattiqqo‘lroq ekanini bildirgan. Ayrim ochiq javoblarda esa o‘qituvchilarning talabalar bilan yaxshi ishlashi, mas’uliyatli yondashuvi va bilim darajasi ijobiy baholangan.

 

So‘rovnomadagi yana bir muhim natija — tanlangan yo‘nalishga munosabat.

 

41,7 foiz universitetga kirgach, o‘z yo‘nalishiga yanada qiziqib qolganini aytgan. Biroq 20,8 foiz respondent “boshqa yo‘nalish tanlasam bo‘lar ekan” degan fikrga kelgan. Yana 20 foiz talaba bu borada xulosa qilish uchun hali erta ekanini bildirgan. 16,7% respondentning yo‘nalishiga munosabati esa o‘zgarmagan.

 

Shunday qilib, birinchi haftaning o‘zidayoq ayrim talabalar tanlagan kasbiga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirgan bo‘lsa, boshqalar o‘z tanlovini qayta ko‘rib chiqishni boshlagan.

 

Talabalikning dastlabki kunlari moliyaviy jihatdan ham yangi tajriba bo‘lmoqda. So‘rovnomada 31,3 foiz talaba birinchi haftada eng ko‘p pulni ovqatga sarflaganini bildirgan. 29,2 foiz respondent uchun eng katta xarajat yo‘l kira bo‘lgan. Qolgan talabalar kiyim-kechakka va boshqa xarajatlarga pul sarflashgan.

 

Ochiq javoblarda ham uzoq masofadan qatnash, bir necha marta transportdan foydalanish va uyidan uzoqda yashash bilan bog‘liq xarajatlar tilga olingan.

 

Talabalarning ochiq javoblari universitetdagi ilk haftaning eng yorqin va muammoli jihatlarini ham ko‘rsatib berdi.

 

Ko‘pchilik uchun yangi do‘stlar orttirish, universitet muhiti, tadbirlar, ekskursiyalar, kutubxona va yaxshi o‘qituvchilar xursandchilik sababiga aylangan. Ko’plab talabalar universitetda yangi imkoniyatlar borligini ko‘rganidan xursand bo‘lganini yozgan.

 

Biroq salbiy taassurotlar ham uchraydi. Respondentlar orasida universitetning uzoqligi, uzoq ma’ruzalar, qattiq talablar, forma masalasi, ichki qoidalar, ayrim o‘qituvchilarning muomalasi va yangi muhitga moslashishdagi qiyinchiliklar haqida fikr bildirganlar bor.

 

So‘rovnoma natijalarini birgina xulosa bilan ifodalash qiyin. Chunki respondentlarning katta qismi hali universitet hayotining ilk kunlarini boshdan kechirmoqda.

 

Shunga qaramay, talabalarning javoblarida bir nechta umumiy tendensiya ko‘rinadi: eng katta muammo — moslashish, eng katta ijobiy omil — yangi do‘stlar va yangi imkoniyatlar, eng katta xarajatlardan biri esa yo‘l kira va ovqat.

 

Shuningdek, talabalar universitetni maktabdan ancha farqli muhit sifatida qabul qilmoqda. Mustaqillik, mas’uliyat, yangi qoidalar, kredit-modul tizimi va o‘qituvchilarning talablari ular uchun yangi tajriba bo‘lyapti.

 

Biroq bu natijalarni barcha 1-kurs talabalariga umumlashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu maqola so‘rovnomada qatnashgan respondentlarning dastlabki taassurotlarini aks ettiradi. Talabalarning universitetga moslashuvi esa birinchi haftadan ko‘ra uzoqroq jarayon bo‘lishi mumkin.