Jizzax viloyati Forish tumanida 11-sinf o‘quvchisi Shahzod O‘tkirov piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 3-sinf o‘quvchisini avtomobil urib ketishidan qutqarib qoldi. Uning jasorati munosib e’tirof etilib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
10-sentyabr kuni Jizzax viloyati Forish tumani markazida yo‘l harakati bilan bog‘liq holat yuz berdi.
Tuman hududida yashovchi fuqaro “Gentra” rusumli avtomashinasida harakatlanib, piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashgan. Shu vaqtda 3-sinf o‘quvchisi belgilangan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan bo‘lgan.
Haydovchi belgilangan tezlik me’yoridan oshgan holda harakatlanib, piyodaga yo‘l bermasdan harakatini davom ettirgan.
Holatni ko‘rib qolgan Forish tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Shahzod O‘tkirov bir zumda harakat qilib, bolani avtomobil yo‘lidan chetga olib chiqqan va uni baxtsiz hodisadan qutqarib qolgan.
Ushbu holat yuzasidan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Uning boshqaruvidagi transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
O‘quvchining jasoratini rag‘batlantirish maqsadida Forish tumani hokimi, Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbariyati hamda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari Shahzod O‘tkirov tahsil olayotgan maktabga tashrif buyurgan.
O‘quvchining ota-onasiga minnatdorchilik bildirilib, Shahzod O‘tkirovga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirilgan.
