Uzoq yillar davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritgan xodimlarning farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tartib belgilandi. Unga ko‘ra, ularning oliy ta’lim bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun bakalavriatdagi yillik kontrakt to‘lovining 30 foizi qoplab beriladi.
Bu imkoniyat Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 310-son qarori bilan belgilangan. Qaror 4-iyuldan kuchga kirgan.
Unga ko‘ra, mazkur toifadagi xodimlarning farzandlariga O‘zbekiston hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat bosqichida o‘qish uchun yillik to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi qoplab beriladi. Bunda subsidiya miqdori BHMning 15 baravaridan oshmasligi kerak.
Masalan, talabaning yillik kontrakti 20 mln so‘m bo‘lsa, uning 30 foizi — 6 mln so‘m qoplab beriladi.
Subsidiya olish uchun xodim hozirda davlat tibbiyot muassasasida ishlayotgan va shu muassasalarda kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lishi kerak. Ushbu ma’lumotlar elektron tizim orqali avtomatik tekshiriladi.
Arizani xodim Davlat xizmatlari markazi orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirishi mumkin. Arizada farzandining JSHSHIRi, OTM, ta’lim yo‘nalishi, bosqichi va kontrakt summasi haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Farzandning tegishli OTMda bakalavriat bosqichida o‘qiyotgani va kontrakt summasi ham tegishli axborot tizimlari orqali tekshiriladi.
Avvalroq, talaba qanday holatlarda o’qishdan chetlatilishi yoki kursdan qolishi haqida xabar bergan edik.
