Talaba qaysi holatlarda o‘qishdan chetlashtiriladi yoki kursda qoldiriladi?

Talaba qaysi holatlarda o‘qishdan chetlashtiriladi yoki kursda qoldiriladi?

Oliy ta’limda talabaning qaysi xatti-harakatlari chetlashtirishga, qaysilari esa kursda qoldirishga sabab bo‘lishi mumkinligi belgilangan. Jumladan, 74 soatdan ortiq uzrsiz dars qoldirish, kontraktni vaqtida to‘lamaslik va ichki tartibni buzish chetlashtirishga, akademik qarzdorlik yoki GPA talabini bajarmaslik esa kursda qolishga olib kelishi mumkin.

 

Vazirlar mahkamasining (2025-yil 13-sentabr) “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida talabalarni o‘qishdan chetlatish va kursdan-kursga qoldirish tartiblari belgilangan.

 

Qanday holatlarda talaba chetlashtiriladi?

 

Talabalar quyidagi holatlarda oliy ta’lim tashkilotidan chetlashtirilishi mumkin:

 

  • o‘z xohishiga ko‘ra;
  • o‘qishini boshqa ta’lim tashkilotiga ko‘chirganda;
  • OTMning ichki tartib-qoidalari yoki odob-axloq qoidalarini buzganda;
  • bir semestr davomida uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq dars qoldirganda. Bunda salomatligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilgan holatlar bundan mustasno;
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talaba belgilangan to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganda;
  • sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganda;
  • sud qarori bilan kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi aniqlanganda;
  • kursda qoldirilgan talaba o‘qishini davom ettirish uchun belgilangan muddatda murojaat qilmaganda;
  • qabul vaqtida taqdim etilgan hujjatlarning qalbaki ekani yoki belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlanganda;
  • talaba vafot etganda.

 

Shuningdek, kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzganligi sud qarori bilan aniqlanib, shu asosda o‘qishdan chetlashtirilgan talaba o‘qishga qayta tiklanmaydi.

 

Qachon talaba kursda qoldiriladi?

 

Talabalar oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori)ning buyrug‘i bilan quyidagi hollarda kursdan-kursga qoldiriladi:

 

  • belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmaganda (akademik qarzdor bo‘lganda), o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlari bundan mustasno;
  • o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlarida semestr va o‘quv yili yakuni natijalari bo‘yicha GPA o‘tish ballini to‘play olmaganda;
  • malakaviy amaliyotga qatnashmagan, shuningdek, malakaviy amaliyot yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baholanganda.

 

Kursda qoldirilgan talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini o‘zlashtirmagan tegishli o‘quv semestri boshidan boshlaydi.

 

Talabalar o‘quv yuklamasi hajmini aniqlashning shartli birliklari (kreditlar)ni o‘tkazish va jamlash tizimi joriy etilgan oliy ta’lim tashkilotlarida akademik qarzdorligi tufayli kursda qoldirilgan talabalar tegishli o‘quv semestridan boshlab faqat o‘zlashtira olmagan fanlarini (modullarini) takroran o‘qiydi.

 

Kursda qoldirilgan talaba o‘qishni davom ettirishi uchun talabalar o‘qishini qayta tiklash uchun belgilangan muddatlarda oliy ta’lim tashkilotiga ariza bilan murojaat qiladi.

 

Avvalroq talabalar uchun to‘lov shartnomasini olish bo‘yicha onlayn ariza yuborish boshlangani ma’lum qilingan edi.