Oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun “Kelajak soati” darsining navbatdagi mavzusi e’lon qilindi. Bu safar yoshlar inson kapitali, uning shaxsiy rivojlanish va mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr yuritadi.
“Kelajak soati” darsining oliy taʼlim muassasalari talabalari hamda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun mashg‘ulot ssenariysi hamda uning taqdimoti e’lon qilindi.
Ushbu dars ‘‘Inson kapitali nima va nega u muhim?’’ mavzusida bo‘lib o‘tadi. Ushbu darsning maqsadi talabalarda inson kapitali tushunchasi, uning iqtisodiy va ijtimoiy mazmuni, mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni haqida tizimli tasavvur shakllantirish; O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, yoshlar siyosati va yuqori texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning inson kapitalini rivojlantirish bilan bog‘liqligini tushuntirish; zamonaviy mehnat bozorida shaxsiy bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni muntazam rivojlantirishning ahamiyatini ko‘rsatish hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi tegishli qarori bilan “Uzluksiz taʼlim tizimida yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash samaradorligini oshirish dasturi” tasdiqlangan.
Unda haftaning har dushanba kuni barcha taʼlim tashkilotlarida “Kelajak soati” darsi oʻtilishi belgilab qo‘yilgan.
Avvalroq Adliya vaziri “Kelajak soati” dan “Mening huquqlarim” mavzusida dars oʻtib bergan edi.
