Qashqadaryodagi to‘rtta “Erkatoy” bog‘chasi sotuvga chiqarildi

Qashqadaryodagi to‘rtta “Erkatoy” bog‘chasi sotuvga chiqarildi

Qashqadaryo viloyatida to‘rtta “Erkatoy” maktabgacha ta’lim tashkiloti sotuvga chiqarildi. Yangi xaridorlarga bog‘cha faoliyatini davom ettirish majburiyati yuklanmagan.

 

Sho‘rtan” gaz-kimyo majmuasi tasarrufidagi “Erkatoy-1”, “Erkatoy-2”, “Erkatoy-3” va “Erkatoy-4” bog‘chalari “E-auksion” platformasi orqali savdoga qo‘yilgan.

 

Xususan, Nishon tumanidagi “Erkatoy-1” va “Erkatoy-2” bog‘chalari 140 o‘rinli bo‘lib, ularning boshlang‘ich narxi mos ravishda 11,4 mlrd va 11,3 mlrd so‘m etib belgilangan.

 

Qarshi shahridagi 150 o‘rinli “Erkatoy-3” bog‘chasining boshlang‘ich narxi 34,8 mlrd so‘m, G‘uzor tumanidagi 140 o‘rinli “Erkatoy-4” bog‘chasining boshlang‘ich narxi esa 10,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, bog‘chalar shu paytgacha olti marta savdoga chiqarilgan, biroq xaridor topilmagani sababli savdolar amalga oshmagan.

 

“O‘zbekneftgaz”ni moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturi doirasida kompaniya va uning tarkibidagi tashkilotlarning asosiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan aktivlarini sotish belgilangan. “Erkatoy” bog‘chalari ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi izohiga ko‘ra, bog‘chalarni sotib oladigan investorga ularning faoliyatini davom ettirish sharti qo‘yilmagan. Ya’ni obyektlar sotilganidan keyin ularning aynan bog‘cha sifatida faoliyat yuritishi majburiy emas.

 

“Erkatoy-3” bog‘chasi tarbiyachisining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, muassasa faoliyati 1-iyuldan to‘xtatilgan. Unda 200 dan ortiq bola bo‘lgan, ularni boshqa xususiy bog‘chalarga joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 50 dan ortiq pedagog, tarbiyachi va ishchi-xizmatchining ish o‘rni qisqartirilgan.

 

Holat maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lib turgan bir paytda yuz bermoqda. 2026-yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 3–5 yoshli bolalar soni 2,6 mln nafardan, 6–7 yoshli bolalar soni esa 1,5 mln nafardan oshadi. Mamlakatda maktabgacha ta’lim qamrovini 2030-yilga borib 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

 

Qashqadaryoning o‘zida esa 2026-yilda maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish maqsadida 350 ta oilaviy bog‘cha tashkil etish rejalashtirilgan.