O‘zbekistonda o‘quvchilarning darsda raqamli qurilmalarga chalg‘ish ko‘rsatkichi OECD o‘rtachasidan ikki baravar past

O‘zbekistonda o‘quvchilarning darsda raqamli qurilmalarga chalg‘ish ko‘rsatkichi OECD o‘rtachasidan ikki baravar past

PISA 2025 xalqaro tadqiqotida o‘quvchilarning tabiiy fanlar darslarida raqamli qurilmalar sabab chalg‘ishi bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar ham o‘rganildi.

 

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) 2026-yil 8-sentyabr Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi (PISA)ning 2025-yilgi natijalari bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.

 

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 yoshli o‘quvchilarning qariyb 14 foizi tabiiy fanlar darslarining aksariyatida yoki har birida sinfdoshlari smartfon, sayt, ilova va boshqa raqamli vositalardan foydalanish sabab chalg‘ishini bildirgan.

 

Bu ko‘rsatkich OECD mamlakatlari o‘rtachasidan sezilarli darajada past. OECD bo‘yicha o‘quvchilarning 28 foizi tabiiy fanlar darslarida raqamli qurilmalar sabab chalg‘ish holatlari kuzatilishini qayd etgan.

 

Shu tariqa, O‘zbekistondagi ko‘rsatkich OECD o‘rtachasidan qariyb ikki baravar kam bo‘lib, mamlakat grafikda raqamli chalg‘ish darajasi eng past bo‘lgan ta’lim tizimlari qatoridan joy olgan.

 

O‘zbekistonda o‘quvchilarning darsda raqamli qurilmalarga chalg‘ish ko‘rsatkichi OECD o‘rtachasidan ikki baravar past

 

Taqqoslash uchun, mazkur ko‘rsatkich Urugvay va Argentinada 50 foizdan yuqori, Chilida esa qariyb 50 foizni tashkil etgan. Eng past natijalar esa Yaponiya, Koreya va Xitoyning ayrim hududlarida qayd etilgan.

 

OECD tahliliga ko‘ra, raqamli qurilmalar sabab darsda chalg‘ish darajasi yuqori bo‘lgan ta’lim tizimlarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ida bu holat tabiiy fanlardan pastroq natijalar bilan bog‘liq. Tadqiqotchilar buni dars vaqtining samarasiz sarflanishi, diqqatning bo‘linishi hamda o‘quvchining tushuntirishlarni kuzatish va ma’lumotni eslab qolish qobiliyatiga ta’sir qilishi bilan izohlaydi.

 

PISA 2025 ma’lumotlarida maktablarda raqamli qurilmalardan foydalanishni tartibga soluvchi siyosat ham muhim omil sifatida qayd etilgan. OECD mamlakatlarida telefonlardan foydalanish taqiqlangan maktablarda raqamli chalg‘ish darajasi o‘rtacha 27 foiz, bunday cheklov yoki maxsus qoida mavjud bo‘lmagan maktablarda esa 32 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, OECD bu raqamlar sabab-oqibat bog‘liqligini to‘liq isbotlamasligini ta’kidlaydi.

 

Avvalroq, O‘zbekistonda o‘quvchilar maktabda raqamli qurilmalardan kuniga 3 soatdan ortiq foydalanishi ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.