Nepalda 26-avgust kuni yuz bergan kuchli suv toshqini va sel oqibatida katta vayronagarchiliklar yuzaga kelgan. Nuvakot tumanidagi maktab direktori Rajendra Dawadining tezkor qarori esa qariyb 900 nafar o‘quvchining xavfsiz hududga evakuatsiya qilinishiga yordam bergan.
26-avgust kuni Nepalning Trishuli vodiysida muzlik qulashi ortidan kuchli suv toshqini yuzaga kelgan. Tabiiy ofat Nepal va Tibet hududlarida katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lib, mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, minglab kishi bedarak yo‘qolgan.
Suv toshqini Nuvakot tumanidagi Bidur shahri yaqinidagi Tribhuvan Trishuli o‘rta maktabiga ham xavf tug‘dirgan. O‘sha kuni maktabda qariyb 900 nafar o‘quvchi bo‘lgan.

Maktab direktori Rajendra Dawadi dars vaqtida suv toshqini haqida dastlab hamkasblaridan xabar olgan. Keyin yuqori hududlardan yana ogohlantirishlar kelgan. Vaziyatning jiddiyligini anglagan direktor rasmiy tasdiqni kutib o‘tirmasdan, o‘quvchilarni zudlik bilan evakuatsiya qilishga qaror qilgan.
Dawadi maktab qo‘ng‘irog‘ini chalib, o‘quvchilar va xodimlarni binodan chiqarib, balandroq hududga olib chiqishni buyurgan. Shu bilan birga, maktabga hali yetib kelmagan o‘quvchilarni ham xavf ostida qoldirmaslik uchun avtobus haydovchilariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni ortga qaytargan.
Reuters xabariga ko‘ra, dastlabki ogohlantirishdan suv toshqini maktab hududiga yetib kelguniga qadar atigi 14 daqiqa vaqt bo‘lgan. Shu qisqa vaqt ichida o‘quvchilar xavfsizroq, balandroq joyga olib chiqilgan. Maktabning o‘zi esa suv toshqinidan omon qolmagan. Kuchli oqim bino joylashgan hududni vayron qilgan. Maktab Trishuli daryosi va gidroelektr kanali oralig‘ida joylashgan bo‘lgan.
Dawadi keyinchalik BBCga bergan intervyusida qaror qabul qilish 10 daqiqaga kechiktirilganida, vaziyat butunlay boshqacha bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan o‘z vaqtida qabul qilingan qaror o‘quvchilar va xodimlarni xavfdan olib chiqishga imkon bergan.
Davadi uning uchun doʻstining qoʻngʻirogʻi hal qiluvchi rol oʻynaganini aytadi.
“Agar biz 10 daqiqa kech qaror qabul qilganimizda, bugun, barchamiz — oʻquvchilar va men ham siz bilan gaplasha olmasdik”, — deydi Davadi The Guardian bilan suhbatda.
Maktabda jami 1 643 nafar o‘quvchi tahsil olgan. Tabiiy ofat yuz bergan paytda ularning qariyb 900 nafari maktabda bo‘lgan, qolgan o‘quvchilarning ayrimlari esa hali yo‘lda edi. Evakuatsiya natijasida o‘quvchilarning barchasi xavfsiz hududga olib chiqilgan bo‘lsa-da, maktabning ikki nafar xodimi bedarak yo‘qolgan. Ular orasida maktab hisobchisi va yana bir xodim bor.
The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofat Nepal shimolidagi ta’lim tizimiga ham jiddiy zarar yetkazgan. Kamida 69 ta maktab zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan, bu esa qariyb 19 ming nafar bolaning ta’limiga ta’sir qilgan.
Dawadi esa endilikda maktabni xavfsizroq hududda qayta qurish va o‘quvchilarning ta’limini tiklash zarurligini ta’kidlamoqda. Uning tezkor harakati esa Nepalda yuz bergan ushbu yirik tabiiy ofat fonida ko‘plab o‘quvchilarning hayotini saqlab qolgan qaror sifatida baholanmoqda.


