Doktorantlar 1-sentabrdan boshlab qancha stipendiya oladi?

Doktorantlar 1-sentabrdan boshlab qancha stipendiya oladi?

2026-yil 1-sentabrdan oliy ta’limdan keyingi ta’limda tahsil olayotgan stajyor-tadqiqotchi va doktorantlar stipendiyasi 7 foizga oshiriladi. Shuningdek, 2027-yildan ustuvor ilmiy ixtisosliklarga yangi qabul qilinadigan doktorantlar uchun stipendiyani 1,7 baravar miqdorda to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi.

 

Xabaringiz bor, Prezidentning 2026-yil 23-iyundagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi PF–115-son Farmoni bilan 2026-yil 1-sentabrdan stipendiyalar miqdorini 7 foizga oshirish belgilangan.

 

Shunga ko‘ra, oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakllarida tahsil olayotganlar uchun stipendiya miqdorlari quyidagicha bo‘ladi:

 

– Stajyor-tadqiqotchi — 6 473 600 so‘m;

 

– Tayanch doktorantura (PhD) — 7 312 720 so‘m;

 

– Doktorantura (DSc) — 9 343 200 so‘m.

 

Bundan tashqari, Prezidentning 2026-yil 26-maydagi PF–98-son Farmoniga muvofiq, 2027-yildan ustuvor ilmiy ixtisosliklarga yangi qabul qilinadigan doktorantlar uchun stipendiyaning alohida miqdori belgilanadi.

 

Unga ko‘ra, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga 2027-yilda 1-kursga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi.

 

Natijada:

 

– Tayanch doktorantura (PhD) — 12 431 624 so‘m;

 

– Doktorantura (DSc) — 15 883 440 so‘m.

 

Bu yuqori miqdordagi stipendiya barcha doktorantlarga berilmaydi. U faqat 2027-yilda ustuvor ilmiy ixtisosliklarga yangi qabul qilingan 1-kurs doktorantlariga tegishli.

 

Shu sababli hozir tahsil olayotgan yoki avvalgi yillarda qabul qilingan doktorantlarning stipendiyasi 1,7 baravarga oshirilmaydi. Ular uchun 2026-yil 1-sentabrdan belgilangan 7 foizlik oshirishdan keyingi bazaviy stipendiya miqdori amal qiladi.

 

Shuningdek, stajyor-tadqiqotchilarga 1,7 baravar miqdoridagi stipendiya tatbiq etilmaydi.

 

Avvalroq, O‘zbekistonda PhD darajasiga ega olimlar soni 15 ming nafardan oshgani haqida xabar bergan edik.