Parlamentda maktablarni kompyuter va elektron doskalar bilan jihozlash kechikayotgani tanqid qilindi

Parlamentda maktablarni kompyuter va elektron doskalar bilan jihozlash kechikayotgani tanqid qilindi

Parlament yig‘ilishida maktablarni yangi kompyuter sinflari va elektron doskalar bilan jihozlash ishlari kechikayotgani tanqid qilindi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova xaridlar tender jarayonlari sabab kechikayotganini ma’lum qildi.

 

25-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda umumta’lim maktablarini zamonaviy kompyuter va elektron doskalar bilan jihozlash masalasi muhokama qilindi.

 

Qayd etilishicha, 2026-yil yakunigacha maktablarda mingta yangi kompyuter sinfi tashkil etish va 6 300 ta elektron doska xarid qilish uchun davlat byudjetidan jami 350 mlrd so‘m ajratilgan.

 

Yig‘ilishda deputat Zuhriddin Mavlonov ushbu ishlarning bajarilishidagi kechikishlarga e’tibor qaratgan. U mablag‘, mas’ullar va bajarish muddati avvaldan belgilangan bo‘lsa-da, hozirgacha faqat tender e’lon qilinganini ta’kidlagan.

 

“Yil yakuniga to‘rt oy qoldi. Shu vaqt davomida mingta kompyuter sinfi, olti mingdan ziyod elektron doskalar maktablarga yetkazib beriladimi?” — deya savol qo‘ygan deputat.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimovaning ma’lum qilishicha, dastlabki ekspertiza xulosalari asosida 1 000 ta emas, balki 1 350 ta kompyuter sinf to‘plamini xarid qilish belgilangan.

 

Hozirda ushbu xaridlar bo‘yicha tender savdolari e’lon qilingan. Elektron doskalarni xarid qilish bo‘yicha tender esa 12-iyul kuni e’lon qilingan, biroq g‘olib aniqlanmagani sababli 10-avgust kuni qayta o‘tkazish uchun e’lon berilgan.

 

Vazir g‘oliblar aniqlangach, tegishli xaridlar amalga oshirilishini ta’kidlagan.

 

E’zoza Karimova barcha kompyuter sinf to‘plamlari va elektron doskalar oktyabr oyi yakunigacha maktablarga to‘liq yetkazib berilishini ma’lum qilgan.