Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni mamlakat taraqqiyotining hal qiluvchi omili sifatida qayd etdi. AT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga yangi ruh berilib, 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsad qilingani ta’kidlandi.
Xabaringiz bor, bugun, 28-avgust kuni Yangi Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar taraqqiyotning hal qiluvchi omili sifatida belgilanganini ta’kidladi. AT, sun’iy intellekt va kreativ iqtisodiyot rivojiga yangi ruh berilib, 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsad qilingani qayd etildi.
Istiqlol bayrami arafasida xitoylik hamkorlar bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshi fazoga uchirilgani ham alohida g‘urur bilan qayd etildi.
“Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur. O‘zbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim”, — dedi davlatimiz rahbari.
Shuningdek, prezident mamlakatimiz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turgani, taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi.
“Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi”, — dedi davlatimiz rahbari.
Mazkur davrni faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali bunyod etish mumkinligi qayd etildi. Shu maqsadda kelgusi yillarda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dastur amalga oshirilishi ta’kidlandi. Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovi qisqa muddatda 100 foizga yetkaziladi. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar esa saqlab qolinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgani, maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgani va oliy ta’limda talabalar soni 1,6 million nafarga yetganini ta’kidlagan edi.
