Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgani, maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratilgani va oliy ta’limda talabalar soni 1,6 million nafarga yetganini ta’kidladi.
Bugun, 28-avgust kuni Yangi Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tmoqda. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallash uchun bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan va mustaqil fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari zarurligini ta’kidladi.
Shu bois ta’limga sifat va mazmun olib kirilib, muallimning obro‘-e’tibori tiklanayotgani hamda daromadi oshirib borilayotgani qayd etildi.
O‘tgan o‘n yilda aholi 8 million nafarga ko‘paygan sharoitda ham maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkazildi. Maktablarda esa 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Prezident ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilgani farzandlarga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim olish imkonini berganini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
Oliy ta’limda o‘qish uchun qulay sharoitlarning kengayishi hisobiga talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchayib, ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylangani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari oliy ta’limda talabalar orasida xotin-qizlar ulushi yuqori ekaniga ham e’tibor qaratdi.
“Talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi. Bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir”, — dedi Prezident.
