Yotoqxona kechki ta’limda o‘qiydigan talabalar uchun ham beriladimi?

Yotoqxona kechki ta’limda o‘qiydigan talabalar uchun ham beriladimi?

Kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar ham talabalar turar joyiga joylashtirilishi mumkin. Biroq bunda avvalo yotoqxonaga ehtiyoji bor kunduzgi ta’lim talabalari joylashtiriladi va shundan so‘ng bo‘sh o‘rin qolgan taqdirda kechki ta’lim talabalari uchun ham joy ajratiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qaroriga ko‘ra, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan, turar joyga ehtiyoji bor talabalar to‘liq ta’minlanmasdan turib, boshqa ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarni talabalar turar joyiga joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Shunga ko‘ra, avvalo kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar joylashtiriladi. Agar shundan keyin talabalar turar joyida bo‘sh o‘rinlar qolsa, kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar ham yotoqxonaga joylashtirilishi mumkin.

 

Bunda kechki ta’limda tahsil olayotgan talaba belgilangan imtiyozli toifalardan biriga kirsa, unga ustuvorlik asosida yotoqxonadan joy beriladi.

 

Ustuvorlik asosida talabalar turar joyiga joylashtiriladiganlar qatoriga, jumladan:

 

— “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;

 

— Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;

 

— I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;

 

— bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari;

 

— xalqaro fan olimpiadalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;

 

— “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan talabalar;

 

— oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;

 

— talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar kiradi.

 

Shunday qilib, kechki ta’limda o‘qiyotgan talabalar ikki holatda yotoqxonaga joylashtirilishi mumkin. Kunduzgi ta’lim talabalari to‘liq joylashtirilganidan keyin bo‘sh o‘rin qolsa yoki talaba ustuvorlik beriladigan imtiyozli toifaga kirsa.