Yashnobod tumanidagi maktablardan birining direktor oʻrinbosari oʻquvchini bir maktabdan boshqa bir maktabga koʻchirib qoʻyish evaziga pora taklif qilgani aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan firibgarlik holatlari fosh etilgan. Xususan, departamentning Yashnobod tuman boʻlimi hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Keltirilishicha, Yunusobod tumanida joylashgan 9-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari, maktab direktori orqali fuqaroning farzandlarini Olmazor tumanidagi 146-sonli umumtaʼlim maktabidan 9-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabiga koʻchirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 400 AQSH dollar soʻragan va pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Avvalroq, Xorazm viloyatida maktab direktori oʻqituvchi va direktor oʻrinbosari lavozimlariga ishga qabul qilish evaziga 14 mln soʻm pora talab qilganlikda aybdor deb topilib, 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
