Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ochish marosimida ishtirok etdi.
Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, taʼlim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida maʼlumot berilgan..
Qayd etilishicha, 40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga moʻljallangan oʻquv binolari hamda 5 ming oʻrinli talabalar turar joylarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Birinchi bosqich doirasida 12 ming oʻrinli besh qavatli oʻquv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurilgan.
Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan oʻquv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bagʻishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
«Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy maʼnaviy merosi, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.
Yetakchilar taʼlim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy maʼnaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar», – deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdi.
