Toshkentda “Sergeli tajribasi” doirasida “Aqlli maktab” tizimini joriy etishning birinchi bosqichi tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida maktablarga zamonaviy aqlli kameralar o‘rnatilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
2026–2027-o‘quv yilida Toshkent shahar Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9–11-sinf xonalarida “Aqlli maktab” tizimini joriy etish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 345 ta xonaning 177 tasiga zamonaviy aqlli kameralar o‘rnatilgan.
Loyiha orqali o‘quvchilarning davomatini avtomatik aniqlash, maktab xavfsizligini kuchaytirish, begona shaxslarni aniqlash hamda o‘quvchilarning darsdagi faolligini tahlil qilish imkoniyatlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
O‘rnatilgan kameralar maxsus dasturiy ta’minot orqali Sergeli tuman hokimligida tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.
Belgilangan rejaga muvofiq, qolgan sinf xonalariga kameralarni o‘rnatish va ularni Vaziyatlar markaziga integratsiya qilish ishlari 2026-yil 25-avgustga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
“Sergeli tajribasi” doirasida joriy etilayotgan tizimni kelgusida Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga bosqichma-bosqich tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq, maktab oʻquvchilari davomatini “aqlli” kameralar orqali aniqlash boʻyicha xabarlar koʻplab muhokamalarga sabab boʻlib, bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirgan edi.
