BMW buyurtmasi bilan 16 nafar magistratura talabasi to‘xtab turganda ham energiya ishlab chiqaruvchi elektromobilni yaratdi. Talabalar mashinaga “Luminetta” deb laqab qo‘ygan.
AQShdagi Clemson University talabalari BMW bilan hamkorlikda kundalik foydalanishda sarflaganidan ko‘ra ko‘proq energiya ishlab chiqarishga mo‘ljallangan quyosh energiyali elektromobil prototipini yaratdi. Deep Orange 17 nomini olgan ikki o‘rindiqli elektromobilga “Luminetta” laqabi berilgan. Uning kuzoviga 1 781 ta element integratsiya qilingan bo‘lib, ular avtomobil harakatlanayotganida ham, to‘xtab turganida ham quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantiradi.
Bu topshiriqni talabalarga BMW bergan. 2024-yilda kompaniya jamoaga elektromobilning odatiy qatnov vaqtida sarflaganidan ko‘proq energiya ishlab chiqarishi mumkin yoki yo‘qligini aniqlash vazifasini qo‘ygan. Talabalar avtomobillarning kunning katta qismida to‘xtab turishidan foydalanib, shu vaqt davomida quyosh energiyasini yig‘ish, shuningdek, harakatlanish paytida ham energiya ishlab chiqarish imkoniyatini o‘rgangan.
Tadqiqotchilar elektromobilning samaradorligini Greenville (AQSh), Frankfurt (Germaniya), Madrid (Ispaniya) va Mumbai (Hindiston) shaharlaridagi quyosh nuri va ob-havo sharoitlarini modellashtirish orqali baholagan. Hisob-kitoblarda avtomobilning kunlik qatnov masofasi 20 kilometr deb olingan. Natijada to‘rtta shahardagi sharoitlarning o‘rtacha ko‘rsatkichiga ko‘ra, avtomobil o‘z yurishi uchun sarflagan energiyasidan tashqari, yana taxminan 50 kilometr masofaga yetadigan qo‘shimcha energiya ishlab chiqarishi mumkinligi aniqlangan.
Shu sababli bu elektromobilning “sarflaganidan ko‘proq energiya ishlab chiqarishi” doimiy va barcha ob-havo sharoitlarida amal qiladigan ko‘rsatkich emas. Natija quyosh nuri, kunlik yurish masofasi va boshqa sharoitlarga bog‘liq. Deep Orange 17’da quyosh energiyasi oddiygina qo‘shimcha quvvat manbai sifatida emas, balki avtomobilning asosiy energiya strategiyasining bir qismi sifatida ishlab chiqilgan.
Energiya samaradorligiga faqat quyosh panellari emas, avtomobilning nihoyatda yengil konstruksiyasi ham yordam beradi. Deep Orange 17’ning og‘irligi atigi 550 kilogrammga teng.
Kuzov va shassi konstruksiyasida:
- po‘lat;
- alyuminiy;
- karbon tolasi;
- 3D-bosmada tayyorlangan metall birikmalar ishlatilgan.
Deep Orange 17’ni 16 nafar magistratura talabasi ikki yil davomida ishlab chiqqan. Ular avtomobil konsepsiyasini yaratish, muhandislik, komponentlarni ishlab chiqarish va prototipni sinovdan o‘tkazishgacha bo‘lgan jarayonlarda ishtirok etgan. Talabalar 2026-yil 7-avgustda avtomobil muhandisligi bo‘yicha magistrlik darajasini olgan.



