Oliy ta’lim muassasalarida bakalavriatning kechki (smenali) ta’lim shaklida o‘qish tartibi tegishli nizom bilan belgilangan. Unga ko‘ra, kechki ta’limda o‘qish muddati kamida 4,5 yilni tashkil etadi.
2026/2027-o‘quv yilida bakalavriatning kechki ta’lim shakliga 28 942 ta qabul o‘rni ajratilgan. Shundan 26 010 tasi o‘zbek, 2 277 tasi rus va 655 tasi qoraqalpoq tilidagi ta’limga to‘g‘ri keladi.
Kechki (smenali) ta’lim kunduzgi ta’limdan farqli ravishda, asosan talabalarning mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda tashkil etiladi. Bunda auditoriya mashg‘ulotlari bilan bir qatorda mustaqil, jumladan, masofadan turib o‘qish imkoniyati ham mavjud.
Kechki ta’limda o‘quv jarayoni tegishli ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim uchun tasdiqlangan o‘quv reja va fan dasturlari asosida tashkil etiladi. O‘quv yili ikki semestrdan iborat bo‘lib, mashg‘ulotlar odatda haftasiga besh kun o‘tkaziladi. Haftalik o‘quv soati hajmi 20 akademik soat etib belgilanadi.
Mashg‘ulotlar, odatda, kunduzgi smenadagi mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda:
— ma’ruza;
— amaliy;
— laboratoriya;
— seminar mashg‘ulotlari shaklida tashkil etiladi.
Shuningdek, talabalarning mehnat faoliyati smenasini hisobga olgan holda ayrim mashg‘ulotlar kunning birinchi yarmida ham tashkil etilishi mumkin. Buning uchun tegishli miqdorda talabalar guruhi shakllangan bo‘lishi kerak.
Kechki ta’limda talabalarning asosiy ish joyidan ajralmagan holda masofadan turib ta’lim olish elementlaridan foydalanish mumkin.
Bunda ta’lim:
— onlayn — videoma’ruzalar, konsultatsiyalar va nazoratlarni real vaqt rejimida o‘tkazish;
— offlayn — o‘quv-metodik materiallarni mustaqil o‘zlashtirish shaklida tashkil etiladi.
Masofadan turib o‘qitishning texnik ta’minoti oliy ta’lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Kechki ta’lim talabalarining malakaviy amaliyotlari o‘quv rejada belgilangan muddatlarda tashkil etiladi. Odatda, bitiruv malakaviy ishi oldidan o‘tkaziladigan amaliyotdan tashqari boshqa amaliyotlar talabaning ta’lim yo‘nalishiga mos keladigan ish joyida mustaqil ravishda o‘tkazilishi mumkin.
Agar talaba ishlamasa yoki uning ish joyi ta’lim yo‘nalishiga mos kelmasa, amaliyot oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan tashkilot yoki obyektlarda o‘tkaziladi. Kechki ta’lim talabalarining bilimlari oraliq va yakuniy baholashlar orqali nazorat qilinadi. Muayyan kursdagi fanlarni to‘liq o‘zlashtirgan talaba keyingi kursga o‘tkaziladi.
O‘quv rejasini to‘liq bajargan va yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchiga “bakalavr” darajasi beriladi hamda davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi.
Avvalroq, masofaviy taʼlim shaklida oʻqish qanday tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi.
