Londonda o‘tkazilgan XPERTSTEM 2026 xalqaro olimpiadasining final bosqichida O‘zbekiston delegatsiyasi 13 ta oltin, 24 ta kumush va 24 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, o‘quvchilar 60 dan ortiq xalqaro TOP universitet va kollejlarga grantlar hamda jami 26,9 million so‘mlik qo‘shimcha pul mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilning 2–7-avgust kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida XPERTSTEM xalqaro olimpiadasining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning 85 nafardan iborat delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Delegatsiya tarkibidan 2–11-sinf o‘quvchilari o‘rin olgan bo‘lib, ular matematika, ingliz tili, IT va dasturlash hamda tabiiy fanlar yo‘nalishlarida o‘z bilim va ko‘nikmalarini xalqaro miqyosda sinovdan o‘tkazgan.
Final bosqichi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘quvchilari:
- 13 ta oltin;
- 24 ta kumush;
- 24 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi jami 61 ta medal bilan olimpiadada qatnashgan davlatlar orasida eng yuqori natijani qayd etgani ma’lum qilindi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar, shuningdek, umumiy reytingda TOP-1, TOP-2 va TOP-3 o‘rinlarni egallab, 60 dan ortiq xalqaro TOP universitet va kollejlardan grantlar hamda pul mukofotlarini qo‘lga kiritgan.
O‘quvchilarga 26,9 million so‘mlik pul mukofoti berildi
Olimpiadada yuqori natija ko‘rsatgan bir qator o‘zbekistonlik o‘quvchilar qo‘shimcha pul mukofotlariga ham sazovor bo‘ldi.
Matematika yo‘nalishida:
Baxtiyorov Ulugbek, 5-sinf — 5 mln so‘m;
Adhamov Ahmad, 10-sinf — 1,7 mln so‘m.
Ingliz tili yo‘nalishida:
Djumabayev Muhammadkarim, 5-sinf — 5 mln so‘m;
Amirkulova Farzona, 5-sinf — 3,5 mln so‘m;
Muratbayeva Nurzada, 6-sinf — 1,7 mln so‘m.
Biologiya yo‘nalishida:
Gostenina Zlata, 8-sinf — 5 mln so‘m.
IT va dasturlash yo‘nalishida:
Kholmurodov Farhodjon, 9-sinf — 5 mln so‘m.
Ushbu o‘quvchilarga berilgan qo‘shimcha pul mukofotlarining umumiy miqdori — 26,9 million so‘mni tashkil etgan.
XPERTSTEM xalqaro olimpiadasi turli mamlakatlardan iqtidorli o‘quvchilarni bir maydonga jamlab, ularning matematika, ingliz tili, tabiiy fanlar va IT yo‘nalishlaridagi bilimlarini xalqaro darajada sinash imkonini beradi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Londondagi final bosqichidagi natijalari esa mamlakat o‘quvchilarining xalqaro fan olimpiadalaridagi ishtiroki va natijalarini yanada kengaytirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Olimpiadani tashkil etuvchi “IRN OLYMPIADS” xalqaro fan olimpiadalari tashkiloti kelgusida ham o‘quvchilar uchun xalqaro musobaqalarda ishtirok etish va o‘z bilimlarini namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.


