Meta o‘smirlar xavfsizligini ta’minlamagani uchun jarimaga tortildi, YouTube ham tanqidlar ostida

Meta o‘smirlar xavfsizligini ta’minlamagani uchun jarimaga tortildi, YouTube ham tanqidlar ostida

AQSH sudi Facebook va Instagramda kontent xavfsizligi ta’minlanmagani uchun Meta’ni jarimaga tortdi. Farzandi uch oy ichida qariyb 14 ming video tomosha qilgan ota-onalardan biri YouTube’dan ham norozi.

 

Nyu-Meksiko shtati sudi Meta kompaniyasini Facebook va Instagram orqali voyaga yetmaganlar xavfsizligini yetarli darajada ta’minlamagani uchun 567 million dollar tovon puli to‘lashga majbur qildi. Bundan avval chiqarilgan 375 million dollarlik jarima bilan birga kompaniyaning ushbu ish bo‘yicha umumiy javobgarligi 942 million dollarga yetdi.

 

Sud qaroriga ko‘ra, undirilgan mablag‘ning 420 million dollari bolalar va o‘smirlarning ruhiy salomatligini tiklash hamda davolash xizmatlariga yo‘naltiriladi. Qolgan qismi esa profilaktika, xabardorlikni oshirish va skrining (ruhiy salomatlikni erta aniqlash) dasturlarini moliyalashtirish uchun sarflanadi. Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, Meta yosh foydalanuvchilarni himoya qilish, xavfli kontent va nomaqbul aloqalarni cheklash bo‘yicha qo‘shimcha xavfsizlik choralarini joriy etishi lozim.

 

Bunga o‘xshash holat YouTube’ bilan ham kuzatilmoqda

 

Wall Street Journal surishtiruvi AQSh maktablarida YouTube’dan foydalanish ham jiddiy muammoga aylanayotganini aniqladi. Tadqiqotga ko‘ra, AQShdagi o‘qituvchilarning 94 foizi dars jarayonida YouTube’dan foydalanadi. Biroq platformaning tavsiya algoritmi sabab ayrim o‘quvchilar ta’lim videolaridan chalg‘ib, soatlab boshqa kontentni tomosha qilmoqda.

 

Surishtiruv davomida ota-onalardan biri farzandi maktab bergan noutbuk orqali atigi uch oy ichida 13 mingdan ortiq YouTube videosini tomosha qilganini aniqlagan. Videolar orasida zo‘ravonlik va bolalar uchun mos bo‘lmagan materiallar ham bo‘lgan.

 

Shunga o‘xshash holatlar boshqa shtatlarda ham kuzatilgan. Nyu-Yorkdagi ikkinchi sinf o‘quvchisi ikki oy ichida 700 dan ortiq video tomosha qilgan bo‘lsa, Oregon shtatidagi o‘ninchi sinf o‘quvchisi birgina ertalabki dars vaqtida 200 dan ortiq videoni ko‘rgan.

 

AQSHda matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha salohiyat ko‘rsatkichlari so‘nggi o‘n yillikdagi eng past darajaga tushgan.

 

Mutaxassislarning fikricha, bu holatni faqat pandemiya oqibatlari bilan izohlab bo‘lmaydi. Aksincha, maktablarda ekran qarshisida o‘tkazilayotgan vaqtning keskin ortishi ham muhim omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Hozirda AQSh davlat maktablarining 88 foizdan ortig‘i har bir o‘quvchini alohida noutbuk yoki planshet bilan ta’minlaydi.

 

Ularning ta’kidlashicha, raqamli platformalar ta’lim jarayonida muhim vosita bo‘lsa-da, ularning algoritmlari bolalar manfaatlarini har doim ham hisobga olmaydi. Shu sababli AQShning ayrim maktablari YouTube’dan foydalanishni cheklashni boshlagan, hukumat va sud organlari esa texnologiya kompaniyalaridan voyaga yetmaganlarni himoya qilish bo‘yicha qat’iyroq choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

 

Texnologik platformalarning ta’limdagi o‘rni kengayib borayotgan bir paytda, AQSh tajribasi bolalar xavfsizligini ta’minlash faqat ota-onalar yoki maktablar emas, balki platformalar zimmasidagi muhim mas’uliyat ekanini ko‘rsatmoqda.

 

Bundan avval Italiyada o‘tkazilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, 14 yoshgacha ijtimoiy tarmoqda akkaunti bor o‘quvchilar ayrim fanlardan pastroq natija ko‘rsatgani aniqlagan edi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish