O‘zbekistonda kvartira narxlari o‘sishda davom etmoqda

O‘zbekistonda kvartira narxlari o‘sishda davom etmoqda

2026-yilning ikkinchi choragida yangi qurilgan kvartiralar bir yilda 7,1 foizga, umumiy kvartiralar narxi esa 5,5 foizga oshdi. Shu bilan birga, narxlar o‘sishi poytaxtdan tashqari hududlarda ham yuqori sur’atlarda kuzatilmoqda.

 

2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda uy-joy bozori yana qimmatlashdi. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, narxlar o‘sishining asosiy qismi aynan kvartiralar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir yil davomida kvartiralar narxi 5,5 foizga oshgan bo‘lsa, yakka tartibdagi uylar narxi atigi 2 foizga ko‘tarilgan.

 

Milliy statistika qo‘mitasining hisobotga ko‘ra, eng katta o‘sish birlamchi bozorda, ya’ni yangi qurilgan kvartiralarda qayd etilgan. Ularning narxi:

 

  • 2026-yil I choragiga nisbatan 0,7 foizga;
  • 2025-yil II choragiga nisbatan esa 7,1 foizga oshgan.

 

Ikkilamchi bozorda kvartiralar narxi 2026-yil I choragiga nisbatan 1,6 foizga, 2025-yil II choragiga nisbatan esa 4,2 foizga oshdi. Bu esa yangi uy-joylarga talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatadi.

 

Toshkent shahrida kvartiralar bir yil ichida 3,9 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, respublikaning qolgan hududlarida bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil etdi. Ayniqsa, hududlardagi birlamchi bozorda narxlar bir yil davomida 8,7 foizga oshgani e’tiborni tortadi. Bu esa yangi turar joylarga bo‘lgan talab viloyatlarda ham sezilarli darajada ortayotganidan dalolat beradi.

 

2026-yil II choragidan boshlab uy-joy narxlari indeksi yangilangan metodologiya asosida hisoblanmoqda. Endilikda baholashda uylarning maydoni, joylashuvi, qavati va boshqa xususiyatlari inobatga olinadi. Hisob-kitoblar OLX.uz va boshqa manbalardagi ko‘chmas mulk e’lonlari asosida amalga oshiriladi.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 108 mingdan ortiq talaba ijarada yashamoqda. Buni Milliy statistika qo‘mitasi avvalroq e’lon qilingan statistikada ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida ijara xizmatlari hajmi 3,8 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,3 foizga oshgan. Shuningdek, yangi o‘quv yili boshlanishi bilan kvartiralarga bo‘lgan ehtiyoj yanada oshishi kutilmoqda.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish