Alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun tanlovlar, pul mukofotlari va yangi imtiyozlar joriy etiladi

Alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun tanlovlar, pul mukofotlari va yangi imtiyozlar joriy etiladi

Prezidentning 2026-yil 4-avgustdagi PQ–292-son qarori bilan alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun kirish imtihonlarida qo‘shimcha vaqt ajratiladi, korreksion sinf ochgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya beriladi hamda assistiv jihozlarni vaucher asosida taqdim etish tizimi joriy etiladi.

 

Prezidentning 2026-yil 4-avgustdagi “Alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–292-son qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-maydan alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarni zamonaviy assistiv (yordamchi) jihozlar bilan vaucher asosida ta’minlash tizimi joriy etiladi.

 

Nogironligi bo‘lgan abituriyentlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi

 

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan pedagoglarning attestatsiyasi hamda milliy sertifikat olish bo‘yicha sinovlarda qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

 

Jumladan:

 

  • belgilangan imtihon vaqtining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt beriladi;
  • Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

 

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalarida o‘qitish bolaning individual ta’lim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va o‘zlashtirish darajasidan kelib chiqib ishlab chiqiladigan individual ta’lim rejalari asosida tashkil etiladi.

 

Nodavlat maktablarga subsidiya beriladi

 

2026-yil 1-sentyabrdan korreksion sinf tashkil etgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfda ta’lim olayotgan har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi.

 

Subsidiya miqdori quyidagicha belgilanadi:

 

  • Toshkent shahrida — BHMning 11 baravari;
  • viloyatlar markazi va Nukus shahrida — BHMning 9,5 baravari;
  • boshqa tuman va shaharlarda — BHMning 8,5 baravari.

 

Har yili yangi tanlovlar o‘tkaziladi

 

Shu bilan birga, har yili quyidagi tanlovlar tashkil etiladi:

 

  • “Imkoniyatlar olimpiadasi” (Abilympics) — nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
  • “O‘sish va rivojlanish” (UPSHIFT) tanlovi g‘oliblariga esa BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha grant Shuningdek, ularning loyihalarini rivojlantirish uchun ko‘ngilli maslahatchi-mentorlar tomonidan maslahat va hamrohlik xizmatlari ko‘rsatiladi.

 

Maxsus pedagoglar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi

 

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab:

 

  • davlat oliy ta’lim tashkilotlarida maqsadli qabul asosida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga xorijiy tillarni o‘qituvchi-pedagoglar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi;
  • boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarga maxsus pedagogika fanlari chuqurlashtirilgan dasturlar asosida o‘qitiladi;
  • maxsus pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

 

Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentyabrdan maxsus pedagoglarning malaka oshirish kurslari Agentlik bilan kelishilgan o‘quv reja va dasturlar asosida onlayn yoki oflayn shaklda tashkil etiladi.

 

Avvalroq, uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar uchun 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish