Davlat OTMlarida eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalarga xorijiy tillarni oʻrgatuvchi mutaxassislar tayyorlanadi

Davlat OTMlarida eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalarga xorijiy tillarni oʻrgatuvchi mutaxassislar tayyorlanadi

Prezident qarori bilan alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Unga koʻra, 2027/2028-oʻquv yilidan davlat oliy taʼlim tashkilotlarida eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun xorijiy tillarni oʻrgatuvchi mutaxassislar maqsadli qabul asosida tayyorlanadi.

 

2026-yil 4-avgust kuni Prezidentning “Alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalarni taʼlim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–292-sonli qarori qabul qilindi.

 

Qarorga koʻra, 2027/2028-oʻquv yilidan davlat oliy taʼlim tashkilotlarida maqsadli qabul asosida eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalarga xorijiy tillarni oʻrgatuvchi mutaxassislarni tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

 

Ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun tashkil etilgan maktablar va maktab-internatlarning har bir birinchi hamda ikkinchi sinfiga bir nafardan yordamchi xodim — assistent-oʻqituvchi shtati ajratiladi.

 

Shuningdek, davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan har bir koʻzi ojiz pedagog uchun shaxsiy assistent — tarjimon-kotiba shtat birligi joriy etiladi.

 

Bundan tashqari, 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni bolaning individual taʼlim ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari va oʻzlashtirish darajasidan kelib chiqib ishlab chiqiladigan individual taʼlim rejalari asosida tashkil etiladi.

 

Shuningdek, korreksion sinflar tashkil etgan nodavlat taʼlim tashkilotlariga ushbu sinflarda tahsil olayotgan har bir oʻquvchi uchun subsidiya ajratiladi.

 

Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:

 

— Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravari;

 

— viloyatlar markazlari va Nukus shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining 9,5 baravari;

 

— boshqa tuman va shaharlarda — bazaviy hisoblash miqdorining 8,5 baravari.

 

Har yili kamida 50 ta davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida tahsil olayotgan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha bo‘lgan miqdorda “Inklyuziv ta’lim muhiti” granti ajratiladi.

 

Avvalroq, nogironligi boʻlgan shaxslarga kirish va sertifikat imtihonlarida qoʻshimcha vaqt berilishi haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish