Uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar uchun 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja tasdiqlandi

Uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar uchun 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja tasdiqlandi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 29-iyuldagi 276-son buyrug‘i bilan uzoq vaqt davolanishga muhtoj hamda uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar uchun 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja tasdiqlandi. Hujjat bilan uyda ta’limni tashkil etish tartibi, fanlar bo‘yicha haftalik soatlar taqsimoti va yakuniy attestatsiya o‘tkazish tartibi belgilandi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 29-iyul kuni “Uzoq vaqt davolanishga muhtoj o‘quvchilarning uyda yakka tartibda ta’lim olishi uchun 2026-2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch oʻquv rejani tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-sonli buyrug‘i qabul qilindi.

 

Mazkur buyruq kuchga kirishi munosabati bilan vazirlikning 2025-yil 30-iyuldagi 261-son buyrug‘i o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

 

Nimalar tasdiqlandi?

 

Buyruq bilan quyidagi hujjatlar tasdiqlandi:

 

  • ta’lim o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida olib boriladigan uzoq vaqt davolanishga muhtoj o‘quvchilar uchun tayanch o‘quv rejalari va tushuntirish xatlari;
  • ruhiy rivojlanishida nuqsoni (F83, F84) hamda aqliy rivojlanishida nuqsoni (F70, F71) bo‘lgan o‘quvchilar uchun boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarning tayanch o‘quv rejalari;
  • ruhiy va aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarning uyda yakka tartibda ta’lim olishi uchun tayanch o‘quv rejalari;
  • MMTVning 2025-yil 6-fevraldagi 40-son buyrug‘iga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar.

 

Mazkur o‘quv rejalari vazirlikning 2026-yil 10-apreldagi 133-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasi asosida ishlab chiqilgan.

 

Buyruq va ilovalar — Fayllarni yuklash

 

Fanlar bo‘yicha haftalik o‘quv soatlari qanday taqsimlanadi?

 

Taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan uzoq vaqt davolanishga muhtoj oʻquvchilarning “Ona tili va adabiyot, Oʻqish savodxonligi” fanlari uchun ajratilgan haftalik oʻquv soatlari quyidagicha taqsimlanadi:

 

  • 1-sinfda oʻquv yilining 1-2-choraklarida “Ona tili” fani negizida 2 soat “Yozuv”, “Oʻqish savodxonligi” fani negizida 1,5 soat “Alifbe”;
  • 3-4-choraklarida 2 soat “Ona tili”, 1,5 soat “Oʻqish savodxonligi” fani oʻqitiladi.

 

Ta’lim oʻzbek tilida olib boriladigan maktablarda “Rus tili” fani 2-4-sinflarda 0,5 soatdan, 5-11-sinflarda 1 soatdan oʻqitiladi.

 

Chet tili fani uchun ajratilgan haftalik oʻquv soatlari quyidagicha taqsimlanadi:

  • 1-4-sinflarda hamda 8-9- sinflarda 0,5 soatdan;
  • 5-7-sinflarda hamda 10-11-sinflarda 1 soatdan oʻqitiladi.

 

“Matematika” faniga ajratilgan haftalik oʻquv soatlari quyidagicha taqsimlanadi:

  • 1-sinfda “Matematika” fani haftasiga 2 soatdan;
  • 2-4-sinflarda “Matematika” fani haftasiga 1,5 soatdan;
  • 5-6-sinflarda “Matematika” fani haftasiga 2 soatdan;
  • 7 va 10-11-sinflarda “Algebra” fani 1 soatdan, “Geometriya” fani 1 soatdan;
  • 8-9-sinflarda “Algebra” fani 1 soatdan, “Geometriya” fani 0,5 soatdan oʻqitiladi.

 

Informatika va axborot texnologiyalari fani 1–4-sinflarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, 5–6 hamda 10–11-sinflarda esa informatika fani o‘qituvchilari tomonidan o‘qitiladi.

 

Tabiiy fanlar (Science) fani boshlang‘ich sinflarda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, 5–6-sinflarda esa fizika, biologiya va geografiya fanlari o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi.

 

Uyda ta’lim qanday tashkil etiladi?

 

O‘quv rejasiga muvofiq dars jadvali o‘quvchining sog‘lig‘i inobatga olinib, ota-onalar bilan kelishilgan holda haftasiga kamida uch kun etib tuziladi va maktab direktori tomonidan tasdiqlanadi.

 

Shuningdek, ota-onaning arizasiga ko‘ra, maktab direktorining buyrugʻi bilan o‘quvchining qiziqishi va qobiliyati hisobga olinib, umumiy o‘quv soatlari miqdorini oshirmagan holda bir fanga ajratilgan vaqtni 1 soatgacha boshqa fan hisobiga o‘zgartirish mumkin.

 

Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga uyda yakka tartibda ta’lim maktabning amaldagi o‘quv dasturi asosida tashkil etiladi.

 

Uyda yakka tartibda ta’lim olgan o‘quvchilar uchun yakuniy davlat attestatsiyasi maktab direktorining buyrug‘i asosida o‘quvchining sog‘lig‘i hisobga olingan holda uyda yoki maktabda tashkil etiladi.

 

Mazkur tayanch o‘quv reja asosida ta’lim olib, yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilarga (psixik rivojlanishida og‘ir nuqsoni va aqli zaifligi bo‘lgan o‘quvchilar bundan mustasno) belgilangan tartibda davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma) beriladi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish