Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanidagi 6-maktab bitiruvchisi Eshtemirova Mohinur Baxtiyor qizi ingliz tilidan B2, oʻzbek tili va adabiyotidan A, tarixdan B+ hamda matematikadan C+ darajadagi milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, jami 189 ball bilan muddatidan avval talabalikka erishdi. Kelgusida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olishni rejalashtirayotgan abituriyent suhbatda tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklar va muvaffaqiyat siri haqida soʻzlab berdi.
“189 ball olish orzusi menga kuch berdi”
Suhbatdoshimizning aytishicha, u 9-sinfning noyabr oyidan boshlab milliy sertifikatlarga jiddiy tayyorgarlik koʻrishni boshlagan.
“Sertifikat kurslaridagi darslar va yuklama baʼzan juda qiyin boʻlardi. Ammo 189 ball olishni maqsad qilganim meni hech qachon ortga qaytarmadi. Aynan shu orzu har safar yana dars qilishga undardi”, — deydi u.
Bitiruvchi ingliz tiliga 1-yil 5 oy, oʻzbek tili va adabiyotiga 7 oy, matematikaga 5,5 oy, tarix faniga esa 3 oy tayyorgarlik koʻrgan.
Uning aytishicha, tayyorgarlikning asosiy qismi oflayn kurslarda oʻtgan. Har bir mavzu ustozlar tomonidan batafsil tushuntirilgan, darslardan soʻng esa testlar orqali bilimlar mustahkamlangan.
“Bir vaqtning oʻzida barcha fanlarni oʻqimadim”
Yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchi qiz oʻziga eng koʻp yordam bergan usullardan biri barcha fanlarni bir paytda oʻqimaslik boʻlganini aytadi.
“Men fanlarni bittadan yoki ikkitadan oʻqishga harakat qilardim. Bu usul diqqatni jamlash va har bir fanni chuqurroq oʻzlashtirishga yordam berdi. Imtihondagi savollarning qiyin yoki osonligi ham tayyorgarlikka bogʻliq. Yaxshi tayyorlangan mavzulardan kelgan savollar menga qiyinchilik tugʻdirmadi”, — deydi Mohinur.
U maktab darslari bilan sertifikat tayyorgarligini uygʻunlashtirish uchun ertalab nazariy mavzularni takrorlagan, kechqurun va tanaffuslarda esa testlar hamda qoʻshimcha mashqlar ishlagan.
“Uyqu rejimim buzilgan, ammo kun tartibimni yoʻlga qoʻydim”
Mohinurning aytishicha, turli oʻqituvchilarning dars vaqtlari hamda kechki onlayn mashgʻulotlar sabab ayrim davrlarda uyqu rejimi izdan chiqqan.
“Darslar baʼzan kun boʻyi davom etardi. Kechki onlayn mashgʻulotlar ham boʻlgani uchun uyqum buzilgan vaqtlar boʻlgan. Keyinchalik vaqtni toʻgʻri taqsimlashni oʻrganib, kun tartibimni yoʻlga qoʻydim”, — deydi u.
Tayyorgarlik davomida ruhiy tushkunlikka tushgan paytlari ham boʻlgan.
“Koʻp oʻqirdim, lekin ayrim test natijalari meni qoniqtirmasdi. Hatto taslim boʻlish haqida ham oʻylagan paytlarim boʻlgan. Ota-onamning “sen buni uddalaysan” degan soʻzlari menga kuch berdi. Muntazam mehnat oxir-oqibat oʻz samarasini berdi”, — deydi suhbatdoshimiz.
“Natijaga erishish uchun nimadandir voz kechishga toʻgʻri keladi”
Abituriyent tayyorgarlik davrida telefondan faqat taʼlim maqsadlarida foydalanganini aytadi.
“Telefon orqali audiolar tinglar, videodarslarga qatnashar va onlayn testlar ishlardim. Menimcha, maqsadini aniq belgilagan abituriyent telefon va ijtimoiy tarmoqlardan ham toʻgʻri foydalana oladi”, — deydi Mohinur.
Tengdoshlariga esa quyidagi maslahatni beradi:
“Natijaga birdan erishib boʻlmaydi. Muntazam mehnat qilish kerak. Bundan tashqari, nimagadir erishish uchun nimadandir voz kechishga ham tayyor boʻlish lozim. Men tayyorgarlik davrida ortiqcha bayramlar va tadbirlarga borishni cheklaganman”, — deydi u.
Uning fikricha, maktablarda yuqori natijaga erishayotgan oʻquvchilar sonini koʻpaytirish uchun fanlarni chuqurroq oʻqitish tizimini kengaytirish, qoʻshimcha darsliklar va zamonaviy oʻquv materiallaridan koʻproq foydalanish zarur.
Hozirda Mohinur badiiy adabiyot mutolaa qilib, fikrlash doirasini kengaytirish ustida ishlamoqda. Kelgusida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olib, xorijiy tillar sohasida malakali mutaxassis boʻlishni maqsad qilgan.
Avvalroq, samarqandlik 189 ball sohibasi bilan suhbat eʼlon qilgan edik.
