“Ota-onamga bergan va’dam meni ortga qaytarmadi”: 189 ball sohibasi bilan suhbat

“Ota-onamga bergan va’dam meni ortga qaytarmadi”: 189 ball sohibasi bilan suhbat

Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanidagi 121-maktab bitiruvchisi biologiyadan A, kimyodan A+, tarixdan A, matematikadan B hamda oʻzbek tili va adabiyotidan B+ darajadagi milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, jami 189 ball bilan muddatidan avval talabalikka erishdi. U bilan sertifikatlarga tayyorgarlik, qiyinchiliklar va muvaffaqiyat ortidagi mehnat haqida suhbatlashdik.

 

“100 foizlik sertifikat egasi meni ham ilhomlantirdi”

 

Suhbatdoshimizning aytishicha, milliy sertifikat olish gʻoyasi 10-sinfda paydo boʻlgan. Bunga ustozining avvalgi shogirdlaridan birining asosiy fanlardan 100 foizlik natija qayd etgani sabab boʻlgan.

 

“Oʻsha paytda milliy sertifikat oladigan abituriyentlar juda kam edi. Shu natijani koʻrib, men ham shunday muvaffaqiyatga erishishni maqsad qildim. Tayyorgarlik esa oson kechmadi. Har bir fan alohida mehnat talab qildi”, — deydi u.

 

Bitiruvchi biologiya faniga 1-yil 3 oy, kimyoga 1-yil 7 oy, matematikaga 4 oy, tarixga 2,5 oy, oʻzbek tili va adabiyotiga esa 12 kun tayyorgarlik koʻrgan.

 

U asosan repetitorlar, darsliklar va test toʻplamlaridan foydalanganini aytadi.

 

“Ustozlarim har bir mavzuni juda batafsil tushuntirardi. Darslardan keyin test ishlab bilimlarimizni mustahkamlardik. Aynan shu tizim menga katta yordam berdi”, — deydi u.

 

“Taslim boʻlish haqida ham oʻylaganman”

 

Bitiruvchining tan olishicha, maktabdagi darslar bilan repetitor mashgʻulotlarini bir vaqtda olib borish oson boʻlmagan.

 

“Dastlab vaqtni toʻgʻri taqsimlay olmasdim. Baʼzan repetitor darslariga ulgurmay qolardim. Uyqu rejimim ham buzilgan paytlar boʻlgan. Lekin vaqt oʻtishi bilan kun tartibimni yoʻlga qoʻydim. Bunda maktabdagi ustozlarimning yordami katta boʻldi”, — deydi u.

 

Tayyorgarlik davomida ruhiy jihatdan ogʻir vaziyatlar ham boʻlgan.

 

“Koʻp dars qilardim, lekin ayrim test natijalari meni qoniqtirmasdi. Shunday paytlarda tushkunlikka tushganman, hatto taslim boʻlish haqida ham oʻylaganman. Ammo ota-onamga bergan vaʼdamni eslab, yana dars qilishni davom ettirardim. Bugun ortga qarab, oʻsha qarorim toʻgʻri boʻlganini tushunyapman”, — deydi u.

 

“Telefonni chetga qoʻyganim natijamga ijobiy taʼsir qildi”

 

Yuqori natija koʻrsatgan bitiruvchi tayyorgarlik davrida ijtimoiy tarmoqlardan deyarli foydalanmaganini aytadi.

 

“Menda sensorli telefon emas, oddiy knopkali telefon bor edi. Undan faqat qoʻngʻiroq qilish uchun foydalanardim. Menimcha, telefon oʻquvchini chalgʻitadi. Agar u dars uchun zarur boʻlmasa, imkon qadar undan uzoqroq boʻlish kerak”, — deydi u.

 

Shuningdek, u testlarda yuqori natija koʻrsatish uchun har bir mavzuni chuqur oʻzlashtirish zarurligini taʼkidlaydi.

 

“Biror mavzuni oʻrgandingizmi, uni yuzaki emas, imkon qadar chuqur oʻrganing. Shunda keyingi mavzularni tushunish ham ancha oson boʻladi”, — deydi suhbatdoshimiz.

 

“189 ball men uchun yangi bosqichning boshlanishi”

 

Bitiruvchi kelgusida Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishi yoʻnalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.

 

Uning fikricha, maktablarda oʻquvchilarning qiziqishidan kelib chiqib fanlarni chuqurroq oʻqitish tizimini kengaytirish kerak.

 

“Masalan, matematikaga qiziqqan oʻquvchilar uchun shu fan chuqurroq oʻqitilsa, natijalar yanada yaxshilanadi. Har kim oʻz qiziqishiga mos yoʻnalishda rivojlansa, yutuqlar ham koʻpayadi”, — deydi u.

 

Hozirda u ingliz tilini oʻrganmoqda. Boʻsh vaqtlarida esa oʻz ustoziga abituriyentlarni tayyorlashda yordam berib kelmoqda.

 

Tengdoshlariga esa bitta tavsiyani beradi:

 

“Dars qilayotganingizda xayolingiz boshqa joyda emas, kitobda boʻlsin. Natija birdaniga kelmaydi, lekin muntazam mehnat albatta oʻz samarasini beradi.”

 

Avvalroq, Samarqandda o‘quvchi qiz 5 ta sertifikat bilan muddatidan avval talaba bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish